Hurmatli Kasaba uyushmalari faollari va aʼzolari!
Sizlarni, sizlar orqali barcha kasaba uyushmalari aʼzolarini “Oʼzbekiston Kasaba uyushmalari kuni” bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, eng ezgu niyat va tilaklarimni bildiraman.
Bugungi kunda kasaba uyushmalari jamiyatimizning muhim bir boʼgʼiniga aylangan eng yirik jamoat tashkiloti sifatida eʼtirof etilayotgani ham ayni haqiqat.
Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining sakkizinchi Qurultoyi zarhal harflar bilan bitiladigan qator voqeliklarga boy tarzda tarixga kirdi va unda ilk bor davlatimiz rahbarining delegatlarga tabrigi yoʼllandi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev yoʼllagan tabrigida soʼnggi 5 yilda kasaba uyushmalari tizimida keng koʼlamli chora-tadbirlar amalga oshirilganligini, mehnat jamoalarida xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy qoʼllab-quvvatlash ishlari yangi bosqichga koʼtarilganligini, mamlakatimizdagi eng yirik fuqarolik instituti boʼlgan kasaba uyushmalarining oʼrni va roli oshib borayotgani alohida eʼtirof etildi.
Oʼzbekiston tarixida birinchi marotaba 11-noyabr – “Oʼzbekiston Kasaba uyushmalari kuni” etib belgilandi.
Oʼzbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari toʼgʼrisida”gi yangi qonunining qabul qilinishi va boshqa qator nufuzli tuzilmalar bilan yaqin aloqalarning yoʼlga qoʼyilayotgani, aholining mehnat huquqlari va ijtimoiy himoyasini taʼminlashda kasaba uyushmalari Hukumatning teng huquqli hamkoriga aylanayotganligi, bularning barchasi Oʼzbekiston kasaba uyushmalari faoliyatining butunlay yangi bosqichga koʼtarilganining dalolatidir.
Bugungi kunda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʼmitasi tizimida 24 ga yaqin boshlangʼich tashkilotlar oʼz safida 450 dan ziyod aʼzolarni birlashtirgan holda samarali faoliyat koʼrsatib kelmoqda.
Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʼmitasi hamda Oʼzbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi oʼrtasida 2019-2022-yillarga moʼljallangan Tarmoq kelishuvi imzolangan.
Davlatimiz rahbarining kasaba uyushmalari haqidagi “Har qaysi korxona yoki tashkilotda albatta kasaba uyushmasi faoliyat koʼrsatishi va rahbarlar albatta ular bilan yaqin hamkorlikda ish olib borishi shart. Shundagina jamiyatimizda mehnat qonunchiligi buzilishi holatlarining oldi olinadi, hayotimizda ijtimoiy adolat yanada mustahkam qaror topadi” deb taʼkidlagan fikrlaridan kelib chiqib, biz bu yoʼlda ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirish, tarmoq (tarif) kelishuvlari va jamoa shartnomalari taʼsirchanligini oshirish borasidagi faoliyatimizni yanada oshirishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettiramiz.
Kasaba uyushmalarining munosib mehnat sharoitlarida mehnat qilish, ish haqi, bandlik, xodimlar va ularning oila aʼzolarini sogʼlomlashtirish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, respublikamizdagi diqqatga sazovor qadamjolarga sayohatlar tashkil etish, yozgi mavsumda bolalarning oromgohlarda dam olishlarini tashkillashtirish, xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʼrnatishga oid tashabbuslarini qoʼllab-quvvatlaymiz.
Sizlarni bugungi ayyom – Kasaba uyushmalari kuni bilan samimiy qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, masʼuliyatli va xayrli ishlaringizda zafarlar tilayman.
Xonadonlaringizni tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, baxt va omad hech qachon tark etmasin!
Oʼzbekiston Respublikasi
Monopoliyaga qarshi kurashish
qoʼmitasi raisi Sh.Sh. Sharaxmetov