O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 oktyabr kuni Pekin shahrida “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumining ochilish marosimida hamda “Inson va tabiat uyg‘unligi yo‘lida “Yashil ipak yo‘lini” birgalikda barpo etish” mavzusidagi yalpi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Xitoy vitse-prezidenti Xan Chjen moderatorligida o‘tgan sammit ishida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, davlat va hukumatlar yetakchilari, moliyaviy institutlar rahbarlari ham qatnashdi.
Prezidentimiz o‘z nutqida barcha ishtirokchilarni “Makon va yo‘l” tashabbusining o‘n yilligi bilan samimiy qutladi.
Buyuk ipak yo‘lini qayta tiklashga qaratilgan ushbu ulug‘vor g‘oya tarixan qisqa davrda ko‘plab tarafdorlariga ega bo‘lgani va xalqaro hamkorlikning yangi modeliga aylangani ta’kidlandi.
Xitoyning har tomonlama strategik sherigi sifatida O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib “Makon va yo‘l” tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan va mazkur tashabbusning asosiy maqsad va vazifalarini yanada ilgari surishning qat’iy tarafdoridir.
Davlatimiz rahbari “Yashil ipak yo‘li” tashabbusi mohiyat e’tibori bilan umumiy “yashil” kelajak kun tartibini shakllantirishini ta’kidladi.
XXR Raisi Si Szinpin tomonidan ilk bor 2016-yilda aynan bizning mamlakatimizda ilgari surilgan ushbu tashabbusni O‘zbekiston har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.
Mintaqamizdagi anomal ob-havo sharoitlari, tez-tez yuz berayotgan qurg‘oqchilik va chang bo‘ronlari, yerlarning shiddat bilan degradatsiyaga uchrashi va cho‘llanishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi ko‘rinishida namoyon bo‘layotgan murakkab ekologik vaziyatga to‘xtalib, davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo jahondagi iqlim o‘zgarishi oqibatlaridan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan mintaqalardan biri ekanini qayd etdi.
O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan maxsus rezolyutsiya doirasida Orolbo‘yida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududlarini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni amalga oshirayotgani ta’kidlandi.
Shu ma’noda, joriy yilning sentyabr oyida BMT Bosh kotibi tashabbusiga ko‘ra o‘tkazilgan Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ulkan vazifalar sammiti yakunlariga yuqori baho berildi.
Markaziy Osiyoda “yashil” taraqqiyot sohasidagi maqsadlarga erishish yo‘lida fikr almashish va sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun O‘zbekiston rahbari 2024-yilda Samarqand xalqaro iqlim forumini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi.
– Umid qilamizki, ushbu forum barqaror rivojlanish yo‘lidagi global xavf-xatarlarga javob topish uchun “Kelajak uchun – Samarqand muloqoti”ni tashkil etishda amaliy qadam bo‘lib xizmat qiladi, – dedi Prezidentimiz.
Mamlakatimiz “Yashil ipak yo‘li” doirasida keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekani qayd etildi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston yetakchisi Xitoy hamda “Makon va yo‘l” tashabbusining boshqa ishtirokchilari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Markaziy Osiyoning “yashil” kun tartibi” va “Yashil ipak yo‘li” konseptual tashabbuslarini o‘zaro bog‘lash doirasida iqtisodiyot tarmoqlarini “yashil” taraqqiyot talablari asosida transformatsiya qilish va raqamlashtirish, transport va energetika tarmoqlarida barqaror infratuzilmani yaratish, “yashil” sanoat quvvatlarini ishga tushirish, kambag‘allikni qisqartirish va “aqlli” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish choralari va loyihalarini o‘z ichiga olgan “Yashil” taraqqiyot dasturini ishlab chiqish taklif etildi.
“Yashil ipak yo‘li”ni barpo etish yo‘lidagi yana bir muhim vazifa – “yashil” ishlab chiqarish zanjirlari va innovatsiyalarni rivojlantirish.
Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda va boshqa xorijiy hamkorlarni jalb etgan holda, “yashil texnologiyalar”ni keng joriy qilish asosida sanoat sohasida va muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan dasturlarni amalga oshirish uchun Orolbo‘yi mintaqasida Maxsus namunali texnologik parkni tashkil etishga tayyorlik bildirildi.
Davlatimiz rahbari kam uglerodli iqtisodiyot va “toza” texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqa mamlakatlarida yuqori ekologik standartlarni joriy etish maqsadida O‘zbekistonda “Yashil moliyalashtirish” jamg‘armasini ta’sis etishni taklif qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi “yashil” mahsulotlar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining o‘zaro savdosidagi cheklov va to‘siqlarni kamaytirishga chaqirdi.
“Yashil” energetikaga o‘tish bo‘yicha muloqotni faollashtirish va “Makon va yo‘l” tashabbusiga qo‘shilgan mamlakatlar vazirlarining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish taklifi bildirildi.
O‘zbekiston Prezidenti Orolbo‘yi xalqaro innovatsiyalar markazi negizida “yashil” bilim va yechimlarni transfer qilish bo‘yicha ilmiy-axborot platformasini ishga tushirish tashabbusini ilgari surdi.
“Yashil” taraqqiyot va ekologiya sohasi uchun malakali kadrlar tanqisligi ortib borayotganini hisobga olib, davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti negizida yetakchi xorijiy oliygohlar va ta’lim markazlari bilan hamkorlikda “Yashil” taraqqiyot va ekologiya sohasida mutaxassislar tayyorlash va akademik almashuvni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dastur ishlab chiqishni taklif etdi.
Bundan tashqari, Prezidentimiz tabiiy resurslar va atrof-muhitga nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish masalasiga to‘xtaldi.
“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida taniqli jamoat arboblari, fan, biznes va madaniyat namoyandalari ishtirokida etno-ekologik festivallar, forumlar, taqdimotlar va boshqa tadbirlar o‘tkazishni nazarda tutuvchi “yashil” madaniyatni rivojlantirish bo‘yicha Global dasturni ishga tushirishni taklif qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida forum yakunlari, unda bildirilgan g‘oya va takliflar insoniyatning “yashil” kelajagini barpo etish yo‘lida muhim hissa bo‘lishiga ishonch bildirdi.