O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-iyun kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Turkiya milliy mudofaa vaziri Yashar Gyuler boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Turkiya mudofaa idorasi rahbari O‘zbekiston yetakchisiga Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Anqara shahriga 5-6-iyun kunlari amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlarni hisobga olgan holda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, jumladan, yaqin idoralararo aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma tadbirlar tashkil etish, harbiy mutaxassislarni tayyorlash va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Xavfsizlik sohasida, terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishda hamkorlikni mustahkamlash va muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.