O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-sentabr kuni Nyu-York shahrida o‘tayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi doirasida Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Anvar ul-Haq Kakar bilan uchrashdi.
Muzokaralarda O‘zbekiston-Pokiston strategik sheriklik munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari yil boshidan 75 foizga o‘sganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Shu davrda yuk tashish hajmi 50 foizga oshdi, 20 ta yangi qo‘shma korxona ochildi.
Davlatimiz rahbari Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovar ayirboshlashni oshirish uchun qulay sharoitlarni yaratish ishlarini davom ettirish muhimligini ta’kidladi.
Ikki mamlakat hududlari o‘rtasida samarali hamkorlikni kengaytirish va kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi. To‘qimachilik, farmatsevtika, elektrotexnika va turizm sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi nuqtai nazaridan fikr almashildi.
Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalda ilgari surish borasida birgalikda harakat qilish muhim ekani qayd etildi.