O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron Islom Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Tehron shahrida innovatsiyalar va texnologiyalar ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbariga Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy va boshqa rasmiy shaxslar hamrohlik qildi.
Ko‘rgazmada Eronning yirik ilm-fan va ishlab chiqarish kompaniyalarining yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar, mashinasozlik, uskunasozlik, tibbiy texnika, farmatsevtika, zamonaviy qurilish materiallari, to‘qimachilik tarmoqlaridagi mahsulotlari taqdim etilgan.
O‘zbekiston yetakchisi kompaniyalarning stendlarini ko‘zdan kechirdi. Eron sanoatchilari turli turbinalar, dori vositalari va ularning ingrediyentlari, tibbiy uskunalar, neft katalizatorlari va sun’iy matolar borasidagi eng yangi ishlanmalarini namoyish etdi.
Davlatimiz rahbari kompaniyalar rahbarlari bilan muloqot qildi, yangi texnologiyalarning taqdimotlari bilan tanishdi. Ko‘rgazma bilan tanishuv yakunida o‘zbekistonlik mutasaddilarga eronlik tadbirkorlar bilan birgalikda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mamlakatimizda Eron texnologiyalari va innovatsion yechimlarini joriy qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish topshirildi.
Ta’kidlash joizki, Toshkent shahrida Eron innovatsiyalar va texnologiyalar uyining (IHIT) filiali ochildi. Uning faoliyati innovatsion texnologiyalar va ilmiy ishlanmalar transferi sohasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.