O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqotida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Suhbat avvalida shayx Mansur Ol Nahayon davlatimiz rahbarini tavallud ayyomi bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar tiladi. Amirliklar Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston-BAA munosabatlari yuksak darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi jadal sur’atda ortib bormoqda, qo‘shma korxonalar ko‘paymoqda. Amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari portfeli 4 milliard dollardan oshdi.
Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish, ularni, eng avvalo, iqtisodiyot va investitsiya sohalari bo‘yicha yangi, amaliy mazmun bilan boyitish muhimligi ta’kidlandi.
Shu ma’noda, aniq takliflar va istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish uchun yaqin kunlarda ikki mamlakat hukumat delegatsiyalarining uchrashuvlarini o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi.