O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-may kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashi majlisi doirasida Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda “Air Products”, “CNH Industrial” va “Silverleaf” kompaniyalari rahbarlari ham ishtirok etdi.
O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik munosabatlarida yuqori darajaga erishilgani hamda palata mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi.
O‘zaro savdo va investitsiyalar hajmi barqaror oshmoqda, energetika, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlarda loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Kerolin Lemm AQSH ishbilarmon doiralari nomidan davlatimiz rahbariga ikki mamlakat iqtisodiy hamkorligiga shaxsan e’tibor qaratayotgani va uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Amerika tadbirkorlarining O‘zbekistondagi faoliyatni kengaytirish, moliyaviy instrument va mexanizmlarni rivojlantirish borasidagi ilg‘or tajribani joriy etish hamda turli tarmoqlarda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalari muhokama qilindi.
Joriy yilda Toshkent shahrida AQSHning peshqadam kompaniya va banklari ishtirokida biznes forumini o‘tkazish yuzasidan kelishuvga erishildi.