O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat buyurtmasini shakllantirish va davlat granti ajratish mexanizmlarini takomillashtirish, yoshlarning sifatli ta’lim olishlari uchun mavjud shart-sharoitlarni yaxshilash, kadrlar tayyorlashni iqtisodiyotning rivojlanayotgan tarmoq va sohalariga manzilli yo‘naltirish maqsadida:
1. Oliy ta’lim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasini shakllantirish va joylashtirish bo‘yicha shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:
a) 2024/2025-o‘quv yili qabulidan boshlab:
davlat buyurtmasi parametrlarini davlat oliy ta’lim muassasalari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida tasdiqlash tartibi joriy etiladi, bundan oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari mustasno;
davlat buyurtmasi bo‘yicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalariga ustuvorlik beriladi;
davlat oliy ta’lim muassasalari uchun o‘rnatilgan tartib va shartlar bo‘yicha talabalar qabulini amalga oshiruvchi oliy ta’lim tashkilotlariga davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etishga ruxsat etiladi. Bunda tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bir talaba uchun ajratiladigan mablag‘ moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalarida bir talaba uchun to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat miqdoridan oshmagan hajmda moliyalashtiriladi;
davlat granti kvotalarining oliy ta’lim tashkilotlari kesimida taqsimoti tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarning tanlovi va to‘plagan ballariga ko‘ra amalga oshiriladi;
oliy ta’lim tashkilotlari moddiy-texnika bazasi, professor-o‘qituvchilari tarkibi va o‘quv-metodik ta’minotiga muvofiq, keyingi o‘quv yili uchun o‘z qabul parametrlarini shakllantiradi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etadi;
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi oliy ta’lim tashkilotlari qabul parametrlari asosliligini o‘rganadi hamda ularni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga (keyingi o‘rinlarda – Davlat komissiyasi) kiritadi;
Davlat komissiyasi oliy ta’lim tashkilotlari, ta’lim shakllari va tillar kesimida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy qabul parametrlarini, imtiyozga ega abituriyentlar uchun qo‘shimcha qabul parametrlarini, maqsadli qabul kvotalarini hamda magistratura mutaxassisliklari qabul parametrlarini davlat granti va to‘lov-kontraktga ajratgan holda oliy ta’lim tashkilotlari va tillar kesimida tasdiqlab, Bilim va malakalarni baholash agentligiga taqdim etadi;
b) 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab har bir ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasining ulushi ta’lim sohalari (bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari) kesimida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi;
v) 2025-yildan boshlab davlat buyurtmasi parametrlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan shakllantiriladigan oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan talab prognoziga muvofiq ravishda 4 yillik davr uchun tasdiqlanadi.
2. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisining 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tashkilotlari talabalariga davlat grantini ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant va ta’lim granti shaklida ajratish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Belgilansinki:
a) ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant qonunchilikda belgilangan imtiyoz bo‘yicha davlat granti asosida va maqsadli qabul doirasida talabalikka qabul qilingan talabalarga, shuningdek, tarmoq va sohalarning, davlat organlari va tashkilotlarining grantlari sohiblari uchun ajratiladi;
b) ta’lim granti davlat buyurtmasi parametrlari doirasida oliy ta’lim tashkilotiga qabul qilingan talabalar uchun ajratiladi;
v) 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan talabalarga ta’lim granti bir o‘quv yili uchun ajratiladi. Bunda:
ta’lim granti birinchi kursda oliy ta’lim tashkilotlariga ajratilgan davlat buyurtmasi kvotasiga muvofiq kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan talabalarga ajratiladi;
ta’lim granti ikkinchi va undan keyingi kurslarda yuqori akademik reyting ko‘rsatkichlariga erishgan va ijtimoiy faol talabalar orasida oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlanadi;
ta’lim granti tabaqalashtirilgan tartibda moliyalashtiriladi va stipendiya faqat to‘liq ta’lim grantini yutgan talabalarga to‘lanadi;
ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant sohibi bo‘lgan talabalarga davlat granti ularning o‘qish davri uchun to‘liq hajmda taqdim etiladi;
ta’lim granti asosida tahsil olgan talabalarning o‘qishni tamomlaganlaridan so‘ng kamida 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
a) davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishning minimal o‘tish bali tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishining oldingi o‘quv yilidagi o‘rtacha o‘tish ballarini hisobga olgan holda Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi;
b) hududlar, sohalar va tarmoqlarning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash uchun davlat buyurtmasi parametrlari doirasida maqsadli qabul kvotalari ajratiladi. Bunda:
davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari maqsadli qabul buyurtmachilari hisoblanadi hamda kadrlarga bo‘lgan o‘z ehtiyojlarini Davlat komissiyasiga taqdim etadi;
hududlar kesimida maqsadli qabul tegishli hududda doimiy yashaydigan (doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan) hamda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarini tamomlagan abituriyentlar orasida tanlov asosida amalga oshiriladi;
maqsadli qabul kvotasi doirasida talabalikka tavsiya etilgan fuqaro bilan manfaatdor tuman (shahar) hokimiyati, sohaviy davlat organi (tashkiloti) va oliy ta’lim tashkiloti o‘rtasida to‘rt tomonlama shartnoma tuziladi. Bunda talabani ish bilan ta’minlash va uning o‘qishni yakunlagandan so‘ng muayyan hududda (tashkilotda) ishlab berishini monitoring qilish kadr buyurtmachisi zimmasiga yuklanadi;
v) 2024/2025-o‘quv yili qabulidan boshlab oliy ta’lim tashkilotlarining boshqa ta’lim shakllariga umumiy qabul parametri kunduzgi ta’lim shakli uchun belgilangan qabul kvotasidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.
4. Belgilansinki, magistratura mutaxassisliklari va oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga qabul qilishda xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlar quyidagi darajalarda talab etiladi:
xorijiy tillar yo‘nalishlari bo‘yicha – kamida S1 darajasida;
gumanitar, biologik va turdosh fanlar, matematika va statistika, biznes va boshqaruv, huquq, xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy va xulq-atvorga mansub fanlar, jurnalistika va axborot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ta’lim sohalari bo‘yicha – kamida V2 darajasida;
boshqa ta’lim sohalari hamda madaniyat va sport mutaxassisliklari (ixtisosliklari) bo‘yicha – kamida V1 darajasida.
5. 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkazilishi belgilansin. Bunda:
a) abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra test sinovi natijasida to‘plagan balidan kelib chiqib, dastlab oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi;
b) davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:
birinchi bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar (25-iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat oliy ta’lim muassasasini tanlaydi. Bunda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yagona kasbiy (ijodiy) imtihonlar dasturlari va baholash mezonlari tegishli vazirliklar (idoralar) tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari iyul–avgust oylarida o‘tkaziladi;
ikkinchi bosqichda abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi;
v) 2025/2026-o‘quv yili qabulidan boshlab fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshiriladi;
g) barcha davlat kollej va texnikumlariga “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq qabul qilishda abituriyentlar kollej va (yoki) texnikumni, kasb va mutaxassislikni hamda ta’lim shaklini oliy ta’lim muassasalariga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng 10 kun muddatda tanlaydi.
6. Belgilab qo‘yilsinki:
imtihonsiz qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka tavsiya etish uchun asos bo‘luvchi imtiyozga ega abituriyentlar Davlat komissiyasining qaroriga asosan ta’lim shaklidan qat’i nazar, ro‘yxatdan o‘tishda imtiyoz amal qiladigan doirada tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi;
alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun asos bo‘luvchi imtiyozga ega abituriyentlar (nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari, SOS – bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylarining bitiruvchilari bo‘lgan yetim bolalar, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar (yigirma besh yoshga to‘lmagan) bundan mustasno) ular uchun ajratilgan alohida qabul parametrlari doirasida, tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi;
alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda qatnashib, talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadi;
xalqaro sport musobaqalari g‘oliblari jismoniy tarbiya va sport sohasidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga sport turlarining soha bo‘yicha mos kelishiga qat’iy rioya qilingan holda imtihonsiz qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi;
imtiyoz bilan davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentga ushbu imtiyozdan takroran foydalanishga ruxsat etilmaydi;
ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi, shuningdek, oliy ta’limning tegishli bosqichiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan talabaga ikkinchi marta ta’limning ushbu bosqichi uchun davlat granti ajratilmaydi;
oliy ta’lim muassasalari, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari hamda harbiy-akademik litseylarga o‘qishga kirishda imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlarning yagona bazasi har yili 1 iyunga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus axborot tizimiga kiritish orqali shakllantirib boriladi.
7. Ijtimoiy himoya milliy agentligi har yili 1-iyunga qadar nogironligi bo‘lgan shaxslar, jumladan ko‘zi ojizlarning ma’lumotlar bazasini nogironlik guruhini aniq ko‘rsatgan holda shakllantirsin hamda uni Bilim va malakalarni baholash agentligining axborot tizimi bilan integratsiya qilinishini ta’minlasin.
8. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Savdo-sanoat palatasi va ish beruvchilar uyushmalari bilan birgalikda:
2024-yil yakuniga qadar mehnat bozorida kutilayotgan o‘zgarishlarni ilmiy tadqiq qilgan holda, o‘z ahamiyatini yo‘qotib boradigan hamda yangi paydo bo‘ladigan kasblar (lavozimlar) ro‘yxati, ularga qo‘yiladigan malaka talablari va kompetensiyalarni shakllantirsin;
2025-yil 1-mayga qadar jamlangan ma’lumotlar asosida “O‘zbekiston yangi kasblar atlasi” elektron platformasi yaratilishini hamda har yili yangilab borilishini ta’minlasin.
Ushbu bandni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilsin.
9. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi bilan birgalikda uch oy muddatda:
ta’lim grantini oliy ta’lim tashkilotlari talabalariga tabaqalashtirilgan tartibda bir o‘quv yili uchun ajratish tartibini belgilovchi Hukumat qarori loyihasini;
hududlar, sohalar va tarmoqlarning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash uchun maqsadli qabul kvotalarini shakllantirish, qabul jarayonlarini tashkil etish va kadrlar buyurtmachilarining aniq vazifalarini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini;
qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev