O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI RAQOBATNI RIVOJLANTIRISH VA ISTE’MOLCHILAR HUQUQLARINI HIMOYA QILISH QO‘MITASI
“Moliyaviy savodxon yosh iste’molchi” bilimlar tanlovi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
- Mazkur Nizom oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Moliyaviy savodxon yosh iste’molchi” bilimlar tanlovini (onlayn olimpiadasini) (keyingi o‘rinlarda – tanlov) tashkil qilish, o‘tkazish tartibi va shartlarini belgilaydi.
- Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (keyingi o‘rinlarda – tashkilotchilar) bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
II. Tanlovning maqsadi va vazifalari
-
-
- Tanlovning asosiy maqsadi yoshlar o‘rtasida huquqiy bilimdonlikni kuchaytirish, ularning iste’molchilar huquqlarni himoya qilish, moliyaviy savodxonlik va moliyadan mas’uliyatli foydalanish sohalaridagi bilimlarini yanada oshirish hamda sinovdan o‘tkazish, yoshlarning moliyaviy bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, moliyadan to‘g‘ri va samarali foydalanishga hamda tezkor qaror qabul qilishga o‘rgatishdan iborat.
- Tanlovning asosiy vazifalari yosh avlodni huquqiy jamiyatga hurmat ruhida tarbiyalash va bilimli iste’molchi sifatida shakllantirish, xususan ularni mustaqil va erkin fikrlovchi, qat’iy pozitsiyaga ega bo‘lgan yuksak bilimli, intellektual salohiyatli, pul mablag‘lari hamda shaxsiy (oilaviy) sarmoyadan mas’uliyatli va samarali foydalanuvchi, o‘z huquq va iste’molchilik manfaatlarini huquqiy himoya qiluvchi shaxs sifatida tarbiyalashdan iborat.
III. Tanlovni o‘tkazish tartibi
- Tanlov respublika hududida faoliyat yuritayotgan davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi ta’lim shaklida bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalari o‘rtasida o‘tkaziladi.
- Tanlov 2 (ikki) bosqichda o‘tkaziladi:
I-bosqich. Ishtirokchilar tomonidan 30 ta test savollariga onlayn tarzda javob yuboriladi.
Bunda, 30 ta test savollari uchun ajratilgan jami 45 daqiqa davomida savollarga keltirilgan 4 ta variantdan faqat eng maqbul bo‘lgan bitta javobni tanlashlari lozim. Har bir to‘g‘ri javob uchun 1 ball beriladi.
Test savollari va unga javoblar (variantlar) O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida beriladi.
I-bosqichda ishtirok etish uchun talabalar https://olimpiada.edu.uz/ elektron tizimida ro‘yxatdan o‘tishlari lozim. Tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan talabgorning tizim ma’lumotlar bazasida bo‘lishi yoki mavjud emasligi yoxud mavjud ma’lumotlarning haqqoniyligi uchun javobgarlikni Tashkilotchilar o‘z zimmasiga olmaydi.
Elektron tizimda ro‘yxatdan o‘tgan talabalar Tanlovning I-bosqichida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
Ro‘yxatdan o‘tish tanlovda ixtiyoriylik asosida ishtirok etish uchun va mazkur Nizomning barcha shartlariga so‘zsiz rozilik bildirilganligini anglatadi.
Tanlovning saralash bosqichi (I-bosqich) masofaviy formatda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining onlayn olimpiadalar platformasida (https://olimpiada.edu.uz/) bo‘lib o‘tadi.
II-bosqich. Mazkur bosqichda ishtirokchilarga onlayn ravishda ZOOM platformasi orqali tanlov komissiyasi vakillari tomonidan mavzuga oid 5 tagacha savol beriladi. Ishtirokchilar savollarga mustaqil ravishda javob berishlari lozim.
Savollarga javob berish muddati umumiy 10 daqiqadan oshmasligi lozim.
Har bir savolga to‘g‘ri javoblar 10 ballgacha baholanadi, jami 50 ball.
Savollarga javoblar talabalarning huquq va manfaatlarini ifoda etishga, ularni hurmat qilishga, huquqiy, hayotiy, ijodiy va aqliy yondashganlik, ma’no va mazmundorlik, yoshlarga xoslik mezonlariga asosan ko‘rib chiqiladi.
- Muddatlar.
https://olimpiada.edu.uz/ elektron tizimida ro‘yxatdan o‘tish talabgorlar uchun 2023-yil 1-mart kuni soat 09:00 dan boshlanadi (ochiladi) va 2023-yil 5-mart kuni soat 18:00 da to‘xtatiladi (yopiladi).
I-bosqich test savollari 2023-yil 6-mart kuni soat 15:00 dan 16:00 ga qadar o‘tkaziladi.
II-bosqich (savol-javob) jarayonlari 2023-yil 10-mart kuni ZOOM platformasi orqali o‘tkaziladi. Savol-javoblar O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida bo‘lib o‘tadi.
Bunda, vaqtlar (soatlar) Toshkent vaqti bilan ko‘rsatilgan va amalga oshiriladi.
- Ishtirokchilar ZOOM platformasi orqali ulanish uchun texnik (moddiy) imkoniyatga ega bo‘lmasalar, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining hududiy boshqarmalariga (havola: https://raqobat.gov.uz/qo-mita/hududiy-boshqarmalar/) kelib topshirishlari mumkin.
ZOOM platformasi orqali ulanish uchun havola (konferensiya identifikatori va kirish kodi) va ulanish vaqti to‘g‘risida I-bosqich g‘oliblariga individual tarzda (telefon, aloqa vositalari, elektron pochta orqali) va/yoki https://olimpiada.edu.uz/ elektron tizimidagi shaxsiy kabineti orqali xabardor qilinadi.
- Tanlov bosqichlari o‘tkazilishi belgilangan kunda (vaqtda, soatda) sababsiz qatnasha olmagan yoki navbatdagi bosqichlar to‘g‘risida xabarsiz qolgan talabalar uchun mas’uliyatni tashkilotchilar o‘z zimmasiga olmaydi.
Agar, ishtirokchilar shu kuni uzrli sabab bilan qatnasha olmasa yoki tashkiliy ishlar qo‘shimcha vaqt talab qilsa, savol-javob bosqichi boshqa kunda (vaqtda) ham o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yiladi.
IV. G‘oliblarni aniqlash, e’lon qilish va taqdirlash
10. I-bosqich test savollariga javoblar avtomatik ravishda har bir ishtirokchining o‘ziga e’lon qilinadi.
I-bosqich ishtirokchilaridan jami 30 nafar g‘oliblar (II-bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritganlar) quyidagicha aniqlanadi (E’tibor bering!):
Tanlovda oliy ta’lim muassasalari va talabalarning keng ishtirokini ta’minlash maqsadida, har bir oliy ta’lim muassasasi va uning filialidan test savollariga eng ko‘p to‘g‘ri javob bergan (yuqori ball to‘plagan), biroq 17 balldan yuqori ball to‘plagan bir nafardan ishtirokchi I-bosqich g‘olibi sifatida II-bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan deb hisoblanadi.
Bunda, ayni bir oliy ta’lim muassasasi va uning filiali talabasining to‘plagan ballari teng bo‘lgan taqdirda, ishtirokchining yoshi va test yechish uchun sarflagan vaqti inobatga olinadi.
Agar, ishtirokchilar tahsil olayotgan oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallari soni 30 tadan kam bo‘lsa, har bir oliy ta’lim muassasasi va(yoki) uning filialidan teng va mutanosib miqdorda test savollariga eng ko‘p to‘g‘ri javob bergan (yuqori ball to‘plagan) ishtirokchilar I-bosqich g‘olibi sifatida II-bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan deb hisoblanadi. Misol uchun, I-bosqichda jami 10 ta oliy ta’lim muassasasi va(yoki) uning filialidan talabalar ishtirok etgan bo‘lsa, har bir ta’lim muassasasidan 3 tadan eng yuqori ball to‘plagan talaba tanlab olinadi. Agar 12, 18 yoki 29 ta ta’lim muassasasi talabalari ishtirok bo‘lsa, to‘plangan ballar (17 balldan yuqori) inobatga olinadi, ya’ni 29 ta ta’lim muassasasidan eng yuqori ball to‘plagan 29 nafar talaba+yana bitta ta’lim muassasasidan yuqori ball to‘plagan bir nafar talaba qo‘shiladi. Bunda, 17 balldan yuqori natijaga ega bo‘lgan talabalar inobatga olinadi. Bir ta’lim muassasasida o‘qiyotgan talabalarning barchasi 17 balldan past natijaga ega bo‘lsa, ushbu ta’lim muassasasi va ishtirokchi talabalari saralashga qo‘yilmaydi. Agar 30 tadan ko‘p ta’lim muassasasi talabalari ishtirok bo‘lsa, to‘plangan ballar, ishtirokchilarning yoshi va test yechish uchun sarflagan vaqti inobatga olinadi.
- Yakuniy II-bosqich (savol-javob) jarayonlarini o‘tkazishda ishtirok etish uchun jami 5 nafardan iborat tanlov komissiyasi tuziladi.
Shundan, tanlov komissiyasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Markaziy bank, Yoshlar ishlari agentligi vakillaridan iborat bo‘ladi. Shu bilan birga, kuzatuvchi sifatida German Sparkassenstiftung (Germaniya) tashkiloti vakili ham ishtirok etishi mumkin.
- Tanlov tafsilotlari, shu jumladan tanlovning II-bosqichiga muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilar ro‘yxati Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining https://raqobat.gov.uz/, https://consumer.gov.uz/ rasmiy veb-saytlari va (https://t.me/RaqobatGovUz, https://t.me/consumeruz) telegramm kanallari orqali e’lon qilib boriladi.
- Tanlovning I-saralash bosqichi g‘oliblari (II-bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritganlar ro’yxati) 2023-yil 7-mart kuni va tanlovning yakuniy g‘oliblari ro’yxati 2023-yil 15-martgacha e’lon qilinadi.
- Tanlov g‘oliblari quyidagi tartibda aniqlanadi va taqsimlanadi:
1 ta – I-o‘rin;
1 ta – II-o‘rin;
1 ta – III-o‘rin;
1 ta – “Eng yosh moliyaviy zukko iste’molchi” nominatsiyasi.
Bunda, g‘oliblarni aniqlashda I-bosqichda to‘plagan ballari va II-bosqich savollariga bergan javoblari natijalari, xususan ishtirokchining hozirjavobligi, savollarga huquqiy, hayotiy, ijodiy va aqliy yondashganligi inobatga olinadi.
- Tanlov g‘oliblari tashkilotchilar hamda hamkorlar (German Sparkassenstiftung tashkiloti va boshqalar) tomonidan ajratilgan qimmatbaho sovg‘alar va maxsus diplom bilan taqdirlanadi. Shuningdek, II-bosqichda ishtirok etgan barcha 30 nafar ishtirokchilarga sertifikat beriladi.
Shundan, I-o‘rin sohibiga noutbuk, II-o‘rin sohibiga planshet, III-o‘rin va bitta nominatsiya g‘olibiga televizor sovg‘a qilinadi.
- G‘oliblarga sovg‘alar Toshkent shahrida 2023-yil 15-martgacha tashkilotchilar tomonidan tantanali ravishda taqdim etiladi. Agar, g‘olib tantanali taqdirlash marosimida ishtirok eta olmasa yoki Toshkent shahriga yetib kela olmasa, g‘olibga sovg‘alar 2023-yil 24-mart kuniga qadar topshiriladi.
V. Yakuniy qoidalar
17. Tadbirda faollik ko‘rsatgan va tashabbuskor talabalarni keyinchalik Qo‘mita va uning hududiy boshqarmalarida malaka oshirish, ish o‘rganish va boshqa mehnat munosabatlarini o‘rnatish masalasi ko‘rib chiqilishi mumkin.
18. Tanlov haqidagi e’lonlar va uning tafsilotlari, shu jumladan tanlov g‘olibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (uning shaxsi, taqdirlash marosimiga oid foto va videolavhalar) tashkilotchi va hamkorlarning axborot kanallarida hamda ommaviy axborot vositalarida yoritiladi.
19. Test savollaridan nusxa, shu jumladan fotonusxa olish, ularini ko‘chirib olish va tarqatish taqiqlanadi.
20. Tashkilotchi va tanlov komissiyasining qarorlari qayta ko‘rib chiqilmaydi.
Yuzaga kelgan kelishmovchiliklar muzokaralar o‘tkazish orqali hal qilinadi.
21. Tanlov yuzasidan taklif va mulohazalar tashkilotlarga taqdim etilishi mumkin.
71 207-47-00 (321)