NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLAR VA ULAR LOYIHALARINING RAQOBATGA TAʼSIRINI BAHOLASH TARTIBI BELGILANDI
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-dekabrdagi 694-sonli qarori bilan Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining raqobatga taʼsirini baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Mazkur nizomga asosan “ex-ante” va “ex-post” usullarida normativ-huquqiy hujjat yoki uning loyixasining raqobatga taʼsiri baholanishi, shuningdek raqobat uchun salbiy deb baholanadigan holatlar aniq belgilandi.
Vazirlik va idoralar hamda hokimliklarning qarorlarini raqobatga taʼsiri baholab boriladi
Vazirliklar, qo‘mitalar va idoralar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan xujjatlar rakobat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiqligi yuzasidan o‘rganishdan o‘tkaziladi.
Qabul qilingan hujjatlarda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarining buzilish holatlari aniqlanganda Raqobat qo‘mitasi belgilangan muddatda bartaraf etish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritadi.
Normativ-huquqiy hujjat yoki uning loyihasi raqobatga taʼsiri salbiy deb baholanishi bo‘yicha yangi holatar belgilandi
Normativ-huquqiy hujjat yoki uning loyihasi raqobatga taʼsiri quyidagi oqibatlarning biriga olib kelsa yoki olib kelishi mumkin bo‘lganda uning taʼsiri raqobat uchun salbiy deb baholanadi:
- yetkazib beruvchilarning yangi texnologiyalar, mahsulotlar yoki biznes modellarini amaliyotga joriy etishni cheklasa, jumladan:
- innovatsiyalar asosiy xususiyat bo‘lgan bozorlarda innovatsiyalarni joriy etishni cheklasa yoxud ularni joriy etishga bo‘lgan qiziqishni pasaytirsa;
- yangi texnologiyalarni qo‘llashni cheklasa yoki yetkazib beruvchilarni biznes modellardan foydalanishlariga to‘sqinlik qilsa;
- innovatsiyalarning istiqbolini cheklasa.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq davlat organlari hamda mahalliy hokimliklar qabul qilgan hujjatlar raqobatga taʼsiri baholanadi
Normativ-huquqiy hujjat, shuningdek vazirliklar, ko‘mitalar va idoralar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan hujjatlar “ex-post” usulida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiqligini baholash jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga, jamoatchilik nazorati subyektlarining taklif va tavsiyalariga, ommaviy axborot vositalari orqali o‘rganilgan yoki chop etilgan boshqa materiallarni o‘rganib chiqish natijalaridan kelib chikib amalga oshirilishi belgilandi.