Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan nazorat-kassa mashinalari tovar bozorining raqobat muhitini baholash, isteʼmolchilarning tanlov imkoniyatlarini oshirish va ushbu bozorlardagi tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratishni taʼminlash maqsadida oʻrganish oʻtkazildi.
Onlayn nazorat-kassa mashinasi – fiskal modulga bogʻlanish imkoniyatiga ega boʻlgan, fiskal hujjatlarni hosil qiluvchi, fiskal hujjatlarni fiskal maʼlumotlar operatoriga real vaqt rejimida uzatishni taʼminlovchi va qogʻozga chop etuvchi elektron hisoblash mashinalari, boshqa qurilmalar va ularning komplekslari hisoblanadi.
Tadbirkorlik subyektlari onlayn-NKM davlat reyestriga kiritilgan istalgan turdagi onlayn-NKM yoki virtual kassalarni mustaqil sotib olishi va ushbu qurilmaga xizmat koʻrsatuvchi ixtiyoriy Texnik xizmatlarni koʻrsatish markazi (TXKM) orqali davlat soliq xizmati organlaridan roʻyxatdan oʻtkazishi mumkin.
Qurilmalar va markazlarning reyestrlari Davlat Soliq qoʻmitasining rasmiy veb-saytida mavjud.
• Onlayn-NKMlar reyestri
• Virtual kassalar reyestri
• TXKM reyestri
Tahlil jarayonida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-noyabrdagi “Onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimi qoʻllanilishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 943-sonli qaroriga muvofiq, bugungi kunda, 36 turdagi onlayn nazorat kassa texnikalaridan foydalanilayotganligi aniqlandi.
Oʻrganish natijalariga koʻra, 2020-yilda Respublika boʻyicha ushbu bozorda jami 24 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan 81 652 ta mahsulot sotilganligi aniqlandi. Shundan, “Foton” AJ tomonidan 2 697 ta mahsulot sotilgan, bozor ulushi 3,4 foizni tashkil etgan.
Oʻz navbatida, 2021-yilda Respublika boʻyicha jami 24 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan jami 102 744 ta mahsulot sotilganligi aniqlandi. Shundan, “Foton” AJ tomonidan 4 770 ta mahsulot sotilgan, bozor ulushi 4,6 foizni tashkil etganligi maʼlum boʻldi.
Shu bilan birga, bugungi kunda nazorat-kassa mashinalari ishlab chiqarish va sotish bozorida 24 ta xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyat yuritmoqda va ushbu bozorda yetarli darajada raqobat muhiti shakllangan.
Shunga koʻra, “Foton” AJ nazorat-kassa mashinalari ishlab chiqarish xizmati boʻyicha, Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning davlat reyestridan chiqarildi.