O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Sirdaryo viloyat hududiy boshqarmasining 2024-yilga mo‘ljallangan ish rejasiga asosan “Hududgaz Sirdaryo” gaz ta’minoti filialiga ulgurji iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi, belgilangan narxlarni (tariflarni) qo‘llanilishi, Raqobat qonunchiligiga amal qilinishi yuzasidan tahlil va o‘rganish o‘tkazildi.
“Hududgaz Sirdaryo” gaz ta’minoti filiali tomonidan mahsulot ishlab chiqaruvchi va xizmatlar ko‘rsatuvchi iste’molchilarga tabiiy gaz uchun to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan belgilangan tariflarga asosan amalga oshirmoqda.
Biroq, “Hududgaz Sirdaryo” gaz ta’minoti filiali 2023-yilda viloyatdagi ayrim iste’molchilarga jumladan avtomobil yo‘llardan foydalanish korxonalariga tegishli tariflarni qo‘llash o‘rniga byudjet tashkilotlariga tegishli tarifni qo‘llash hollari aniqlandi. Masalan:
Sayxunobod tuman avtomobil yo‘llardan foydalanish korxonasiga 2023-yilning yanvar oyida 866 m3 tabiiy gazni 1000 so‘m o‘rniga 1300 so‘mdan hisoblab, jami 259 800 so‘m, fevral oyida 23 400 so‘m, dekabr oyida 112 500 so‘m ortiqcha to‘lov hisoblangan. Huddi shunday holatlarda Mirzaobod tuman avtomobil yo‘llardan foydalanish korxonasiga 8 358 100 so‘m, Guliston tuman avtomobil yo‘llardan foydalanish korxonasiga 276 300 so‘m ortiqcha to‘lov hisoblangan.
O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 42-moddasi 2 bandi talablariga asosan strategik ahamiyatga ega bo‘lgan mahsulotlar (tabiiy gaz) narxlarini asossiz ravishda oshirganlik uchun “Hududgaz Sirdaryo” gaz ta’minoti filialiga moliyaviy jarima qo‘llashga sabab bo‘lmoqda.
Shu bilan birga boshqarma maxsus komissiyasining bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmasiga asosan avtomobil yo‘llardan foydalanish korxonalariga nisbatan oshiqcha hisoblangan 9 030 100 so‘m mablag‘ “Hududgaz Sirdaryo” GTF tomonidan qayta hisob-kitob qilib berildi.