O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuni talablariga rioya etilishi yuzasidan 2023-yil davomida iqtisodiy tarmoq sohalarida o‘rganishlar o‘tkazilgan, ushbu tahliliy o‘rganishlar davomida 340 dan ziyod qonun buzilish holatlari aniqlangan.
Qonun buzilish holatlari hududlar kesimida qaralganda eng ko‘p qonunbuzilish holatlari Namangan viloyati (98 ta), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (64 ta) va Xorazm viloyatida (52 ta) aniqlangan.
Ushbu holatlar yuzasidan 14 ming nafardan ortiq fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tegishli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, Jizzax viloyatida 7 mingdan ortiq Farg‘ona viloyatida esa 4 mingdan ortiq holatlarda asossiz undirilgan ortiqcha mablag‘lar iste’molchilarga qaytarilgan.
Yuqoridagi holatlar bo‘yicha jami 55 mlrd so‘mdan ortiq asossiz undirilgan daromad aniqlangan.
Misol uchun, Surxondaryo 11,8 mlrd. so‘m, Navoiy 10,3 mlrd so‘m va Samarqand 8,3 mlrd so‘m assosiz hisoblangan mablag‘lar aniqlangan.
Shundan, 25 mlrd so‘mdan ortiq pul mablag‘lari fuqarolar foydasiga qaytarilishi ta’minlandi.
Qolgan aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish yuzasidan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu qonun buzilish holatlariga misol keltiradigan bo‘lsak:
– elektr energiya ta’minoti sohasida “JIZZAX SUV TA’MINOTI” MChJning murojaatiga asosan Jizzax viloyatida joylashgan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Jizzax filiali tomonidan elektr energiyasidan foydalanish qoidalarining talablari buzilishi bilan bog‘liq jami 3,8 mlrd so‘m qonunbuzarlik holatlari aniqlangan;
– fermer xo‘jaligi murojaatiga asosan “Agrobank” ATB Toshkent viloyati boshqarmasiga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 18-moddasi talablari buzilishi bilan (imkoniyati bo‘la turib xizmat ko‘rsatishdan bosh tortish holati) ish qo‘zg‘atilib, holatni bartaraf etish yuzasidan tegishli tartibda ko‘rsatma berib javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilgan.
Jismoniy va yuridik shaxslarning tabiiy monopoliyalar sohasida tovar (ish, xizmat) sotib olish va undan foydalanish borasidagi huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilganligidan norozi bo‘lib jami 344 ta murojaatlar kelib tushgan (shundan, 264 tasi yuridik shaxs hamda 80 ta jismoniy shaxs). Mazkur murojaatlar bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari Qo‘mita tomonidan himoya qilish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan.
Misol uchun:
– tabiiy monopoliya subyekti hisoblangan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan “SPRING COLOURS INDUSTRY”MChJ va “BEKOBOD RICE KLASTER” MChJlarga elektr energiyasini yetkazib berishda tovarlar uchun belgilangan miqdordan ortiq haq olishi oqibatida jami 2,7 mlrd so‘m asossiz mablag‘lar undirilganligi aniqlanib, ushbu mablag‘larni korxonalarga qaytarilishi ta’minlandi;
– da’vogar “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va “NOBEL TRADE” MChJ o‘rtasidagi iqtisodiy sud jarayonida, Qo‘mita tadbirkorning so‘roviga muvofiq uning huquqlarini himoya qilish va belgilangan qonunchilikka amal qilish yuzasidan qatnashib, tadbirkorga hisoblangan 900 mln so‘mdan ortiq asossiz qarzdorlik mablag‘lari sudning hal qiluv qarori bilan bekor qilinib korxona foydasiga hal qilindi