Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasiga ikki fuqarodan murojaat kelib tushdi.
Murojaatlarning birida Buxoro viloyatida yashovchi iste’molchi Asaxiy.uz
do‘konidan muddatli to‘lov asosida 3 396 000 so‘mga uyali aloqa vositasi sotib olgan, ammo kafolat muddati davrida vosita nuqsonli chiqqan, iste’molchi savdo do‘koniga murojaat qilganida uyali aloqa vositasi almashtirib berilmagan, to‘lovlar esa qaytarilmaganligidan norozi bo‘lib hududiy boshqarmadan amaliy yordam so‘ragan.
Ikkinchi fuqaroning esa Asaxiy.uz do‘konidan muddatli to‘lovga changyutgich sotib olgan, kafolat muddati davrida nuqsoni chiqqan, iste’molchi sotuvchiga murojaat qilganida do‘kon tarafidan nuqsonlar bartaraf etib berilgan ammo qaytadan nuqsonlar chiqqanligi uchun tovarni sotuvchiga qaytarib bermoqchi bo‘lganida do‘kon murojaatini rad etganligi bo‘yicha Raqobat qo‘mitasining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasiga yo‘llagan murojaati kelib tushgan.
Hududiy boshqarma xodimlari tomonidan mazkur murojaatlar o‘rganilib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida»gi qonunning:
6-moddasida, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi hamda bahosi (tarifi) va sotib olish shartligi;
11-moddasida, Uzoq muddat foydalaniladigan barcha turdagi tovarlar va xizmatlarga ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati belgilashi lozimligi, Ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati mobaynida tovar (xizmat)ning, shu jumladan, butlovchi buyumlarning normal ishlashini (qo’llanishini, ulardan foydalanishini) ta’minlashi shartligi, Butlovchi buyumlarning kafolat muddati, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, asosiy buyumning kafolat muddatidan kam bo‘lmasligi lozimligi;
13-moddasida iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, o‘z xohishiga ko’ra tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berishni yoki tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish va/yoki shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash talab qilishga haqli ekanligi belgilangan.
Olib borilgan o‘rganish va tahlil natijalariga ko‘ra birinchi murojaat bo‘yicha sotib olingan uyali aloqa vositasi kafolat muddati davrida nuqsonli chiqqanligi sababli Asaxiy.uz do‘koni va iste’molchi orasidagi shartnoma bekor qilinib amalga oshirgan to‘lovlar qaytarib berilishi ta’minlandi.
Ikkinchi fuqaro murojaati ham ijobiy hal etilib Asaxiy.uz savdo do‘koni tomonidan chang yutgich yangisiga almashtirib berilishi ta’minlandi.