Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida istiqomat qiluvchi L.A.ning “HUMANS” MChJ xizmatidan norozilik bildirib qilgan murojaati Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi.
Fuqaro 2023-yilning 23-noyabrida televizor uchun buyurtma berganligi, biroq televizor vaqtida yetkazib berilmaganligidan norozi bo‘lib, Raqobat qo‘mitasidan amaliy yordam so‘rab murojaat qoldirgan.
Shuni ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 4-moddasida, iste’molchilarning huquqlari ko‘rsatib o‘tilgan. Unga ko‘ra, iste’molchilar tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish huquqiga ega ekanligi belgilab berilgan.
O‘rganishlar davomida, iste’molchi “HUMANS” mobil ilovasi orqali o‘ziga tegishli bo‘lgan raqamida yig‘ilgan 5 mln 92 ming so‘mlik keshbek hisobiga televizor xarid qilish uchun yuqoridagi ilova orqali “HUMANS” MChJga buyurtma berganligi, ammo shartnomada belgilangan 21 ish kunlik muddatda tovar yetkazib berilmaganligi aniqlangan. Ushbu aloqa kompaniyasi va iste’molchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlari “HUMANS” MChJ tomonidan belgilangan muddatda bajarilmagani aniqlandi.
Shuningdek, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan va qonunchilikka zid bo‘lgan talablari haqiqiy emas deb hisoblanadi. Agar ularni qo‘llanilishi natijasida iste’molchiga zarar yetkazilgan bo‘lsa, bu zarar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozimligi belgilab berilgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, hududiy boshqarma tomonidan “HUMANS” MChJ “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 19, 21 va 27- moddalariga zid ravishda ish tutgan deb topilib, korxona ma’muriyatiga mavjud tartib-qoidalar va ularning natijasida kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar haqida tushuntirishlar berilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, “HUMANS” MChJdan fuqaro foydasiga “ARTEL 4K” televizori yetkazib berilishi ta’minlandi.