Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Olmazor tumanidagi “Inno” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkida bo‘ldi.
Ushbu texnopark uch yil oldin bunyod etilgan. Bu yerda sanoat sohalarini rivojlantirish uchun innovatsion g‘oya va ixtirolar ishlab chiqiladi. Yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘rgatish maqsadida oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Har yili 15 ming nafarga yaqin talaba va o‘quvchilar ishtirokida seminar, amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Yurtimizda bunday innovatsion markazlar ko‘payib bormoqda. Sanoat, energetika va axborot texnologiyalari rivojlanib, yangi-yangi majmualar ishga tushirilmoqda. Ular uchun zamonaviy bilim va malakaga ega muhandis va texniklar kerak.
Shu yerda Toshkent davlat texnika universiteti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti, Toshkent davlat Transport universiteti, Farg‘ona politexnika instituti, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzurida tashkil etilayotgan oliy muhandislik maktablari taqdimoti o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi qarorida bu borada qator vazifalar belgilangan. Xususan, qarorga muvofiq, muhandislik-texnika yo‘nalishida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari tashkiliy-boshqaruv faoliyati takomillashtirilmoqda. Amaldagi o‘quv dasturlarining zamonaviy texnologiyalar va ish beruvchilar talabiga muvofiqligi o‘rganilib, tubdan o‘zgartirilmoqda.
Davlatimiz rahbariga shular haqda ma’lumot berildi.
Dastlabki bosqichda 10 ta oliy ta’lim muassasasi huzurida oliy muhandislik maktablari ochiladi. Maktabning kuzatuv kengashiga olimlar bilan birga hamkor korxonalar vakillari a’zo bo‘ladi.
Ushbu maktablarda ikki yillik amaliy magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yilib, ishlab chiqaruvchilar buyurtmasi asosida nomzodlar saralab olinadi. Birinchi yil talabalar korxonalar buyurtmasi asosida yangi mahsulotlarni loyihalashtiradi, ilmiy izlanishlar o‘tkazadi, bu borada chuqurlashgan modul dasturlar asosida o‘qitiladi. Ikkinchi yil yangi mahsulotlar bo‘yicha tajriba-konstruktorlik namunalarini yaratish bilan bog‘liq texnologik jarayonlarni korxonalarda sinovdan o‘tkazadi.
Prezident oliy ta’lim muassasalaridagi ilmiy izlanishlarning hayotiyligi va samaradorligiga ahamiyat berdi. Ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor ilm-fan yutuqlarida o‘z ifodasini topishi kerakligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari olimlarning ixtirolari, ilg‘or ishlanmalar bilan ham tanishdi. Jumladan, energiya tejamkor uskunalar, yuklama ortishi sabab transformatorlar portlashidan himoyalovchi sovutish tizimi, neft-gaz sohasida muhim bo‘lgan kimyoviy reagentlar, bunyodkorlik, yo‘lsozlikdagi zamonaviy yondashuvlar, suv inshootlari uchun muhandislik loyihalari, axborot texnolgiyalariga oid zamonaviy ixtirolar haqida ma’lumot berildi.