Respublikaning ayrim hududlaridagi AYoQShlarda Ai-80 benzinning chakana narxlari o’rtacha 6 800 so’mdan 7 100 so’mgacha oshganligi kuzatilmoqda.
Joriy yilning 5-dekabr kuni birja savdolari natijasiga ko’ra Ai-80 benzin mahsulotining narxi 1 tn uchun o’rtacha 8 mln so’mni tashkil etib, mazkur ko’rsatkich o’tgan noyabr oyiga nisbatan 4 foizga oshgan.
Bunda tadbirkorlik subyektlari tomonidan xarid qilingan benzin o’rtacha 5-10 kundan keyin yuklab jo‘natiladi va sotuvga chiqariladi. Ya’ni, birja savdolarida kuzatilgan narx o’sishi 10 kundan keyin AYoQShlardagi chakana narxlarga o’z ta’sirini ko’rsatishi mumkin.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi tomonidan avtomobil benzini narxlarini sun’iy oshirishga, tanqislik va ajiotaj talabni vujudga keltirishga yo’l qo’ymaslik maqsadida, birja savdolariga qo’yiladigan Ai-80 markali benzinning kunlik hajmlarini oshirish va narxlarni barqarorlashtirish bo’yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilning 5-dekabr kunidan boshlab birja savdolariga qo’shimcha 1 ming tonna Ai-80 benzini qo’yilishi ta’minlandi. Shu munosabat bilan, Respublikadagi barcha AYoQShlardan xalqimizni gaz va issiqlik bilan ta’minlash maqsadida avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari vaqtinchalik yopilishi evaziga benzinga bo’lgan talab oshganligi sababli asossiz qo’shimcha daromad olish holatlariga yo’l qo’ymasliklari so’raladi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi benzin narxlari doimiy monitoring qilib borilishini va narxlarni sun’iy ravishda oshirish holati aniqlangan taqdirda ushbu subyektlarga belgilangan tartibda tegishli chora ko’rilishini ma’lum qiladi.