O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-iyuldagi PF-6019-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-martdagi 114-son qaroriga muvofiq davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, monopol korxonalar va korporativ buyurtmachilar faoliyatida monopoliyaga qarshi komplayens tizimini bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar jami 102 ta shundan, 14 ta tabiiy monopoliya subyektlarida, 25 ta tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarda 37 ta mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida, 22 ta davlat boshqaruvi organlarida hamda 4 ta korporativ buyurtmachilar faoliyatida monopoliyaga qarshi komplayens tizimi to‘liq joriy etildi.
Faoliyatni amalga oshirish davomida tizim o‘zining dastlabki ijobiy natijalarini bera boshladi. Xususan, “O‘ztransgaz” AJ, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Maxam-Chirchiq” AJ hamda “Asakabank” AJdagi monopoliyaga qarshi komplayens faoliyati uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli shaxslar tomonidan 100 dan ortiq tender hujjatlari ko‘rib chiqilgan. Tender (tanlov) savdolarida raqobatni ta’minlash holati o‘rganilganda 38 ta holatda ishtirokchilar o‘rtasida kelishib olingan harakatlar mavjudligi aniqlangan. Mazkur savdolarni bekor qilish xamda qayta tashkil etish bo‘yicha tegishli takliflar berilishi natijasida qonun buzilishi holatlari oldi olingan.
Bundan tashqari, «O‘zmetkombinat» AJdagi vakolatli shaxs tomonidan 2022-yil davomida jamiyat faoliyatida amalga oshirilgan davlat xaridlari jarayonida jami 10 ta holatda ishtirokchilarning o‘zaro affillanganlik holatlari aniqlanib, vertikal kelishuv holatlari bartaraf qilingan.
Sohada erishilayotgan yutuqlarni e’tirof etgan holda hali amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar ham talaygina. Birgina 2022-yil yakunlari bo‘yicha davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning monopoliyaga qarshi komplayens haqidagi hisobotlari o‘rganilib, monopoliyaga qarshi organ tomonidan baholandi.
Baholash natijalariga ko‘ra, aksariyat xo‘jalik yurituvchi subyektlarning monopoliyaga qarshi komplayens tizimi bo‘yicha amalga oshirgan ishlarining samaradorligi “qoniqarsiz” deb topilganligining o‘zi ham korxonalarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimi uchun mas’ul bo‘lgan xodimlarning raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga oid bilim va ko‘nikmalarga yetarli darajada ega emasliklarini ko‘rsatdi.
Bu esa o‘z navbatida faoliyatning raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini ta’minlash va qonunbuzilish holatlarining oldini olishga qaratilgan ishlarni samarali tashkil etishga salbiy ta’sir qilmoqda.
Shundan kelib chiqib, monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy qilingan barcha Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlardagi vakolatli shaxslar uchun muntazam ravishda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari yuzasidan qisqa muddatli o‘quv-seminarlarini tashkil etish belgilab olindi.
Shu maqsadda joriy yilning 8-iyun kuni Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning monopoliyaga qarshi komplayens tizimi faoliyati uchun mas’ul bo‘lgan xodimlariga raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari mazmun-mohiyatini tushuntirish va ularning sohaga oid bilimlarini oshirishga bag‘ishlab “Monopoliyaga qarshi komplayens tizimini samarali joriy etish – faoliyatning raqobat qonunchiligiga muvofiqligini ta’minlash garovi” mavzusida o‘quv-seminari tashkil etildi.
Seminarda asosiy e’tibor xo‘jalik yurituvchi subyektlarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etishning ahamiyati, davlat xaridlarini o‘tkazishda raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish hamda tovar-xom ashyo birjalarining faoliyatini tartibga solish tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarga qaratildi.