O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuniga hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-martdagi 114-son qaroriga asosan faoliyatning raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini ta’minlash, ularning buzilishi xatarlarini aniqlash va mazkur xatarlarning oldini olish maqsadida respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar hamda ustav fondining 50 foizi va undan ortig‘i davlatga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar faoliyatida monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etilmoqda.
Bugungi kunga qadar jami 245 ta shundan, 69 ta tabiiy monopoliya subyektlarida, 74 ta tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarda, 35 ta mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida, 31 ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida hamda 36 ta davlat ishtirokidagi korxonalarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimi to‘liq joriy etildi va mazkur tizim faoliyati uchun mas’ul xodimlar tayinlandi.
Joriy yil boshidan hozirgi kungacha monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etilgan tashkilotlarning xodimlariga raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari mazmun-mohiyatini tushuntirish va ularning sohaga oid bilimlarini oshirishga bag‘ishlab 6 marotaba o‘quv-amaliy seminarlar tashkil etildi. O‘tkazilgan seminarlarda korxonalarning 500 nafardan ziyod xodimlari ishtirok etishdi.
Bugungi kunda korxonalarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimi o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Misol uchun, mas’ul xodimlar tomonidan:
– Tanlov (tender) savdolarida raqobat muhiti ta’minlanganligi o‘rganilganda 49 ta holatda ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro affillanganlik va kelishib olingan harakatlar mavjudligi aniqlangan.
Mazkur savdolarni bekor qilish hamda qayta tashkil etish bo‘yicha tegishli takliflar berilishi natijasida qonun buzilishi holatlari oldi olingan.
– 2 ta holatda yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni belgilangan grafik asosida birja savdolariga qo‘yilishida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan tasirchan choralar ko‘rilgan.
– 3 ta korxonada davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tashkil etishga oid harakatlar amalga oshirilishi jarayonida mas’ul xodim tomonidan ushbu harakatlarni raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq dastlab monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi olingandan so‘ng amalga oshirish zarurligi to‘g‘risida tushuntirish berilishi natijasida mazkur harakatlar uchun belgilangan tartibda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi olinishi ta’minlangan.
– Raqobat qonunchiligi talablari buzilishlari haqida murojaatlarni tezkor qabul qilish maqsadida 20 dan ortiq korxonalarning rasmiy veb-saytlarida “raqobat cheklanishi va kartel kelishuvlari haqida xabar ber” sahifalari yaratilgan.