Moliyaviy xizmatlar reklamaci bo‘yicha aniq va to‘liq ma’lumot taqdim etilishi shart
Raqobat qo‘mitasi o‘z vakolatlari doirasida iste’molchilar huquqlari va reklama to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
Olib borilgan monitoring va tahlillar davomida ommaviy axborot vositalari, internet sahifalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda qonunchilik talablariga zid, iste’molchilarni chalg‘ituvchi yoki noto‘g‘ri reklama va axborotlar joylashtirish holatlari hanuz kuzatilmoqda. Aksariyat qonunbuzarliklar moliyaviy xizmatlar reklamacida qayd etilmoqda.
🪧 Amaldagi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 43-moddasiga muvofiq, moliyaviy xizmatlarga oid reklama:
• moliyaviy xizmatlar reklamasi yoki ular haqidagi reklama tarzidagi axborot;
• reklamadan foydalanuvchining ishonchini suiiste’mol qilmaydigan va (yoki) reklamadan foydalanuvchining tajribasi va bilimi yetishmasligidan foydalanish niyatini ko‘zlamaydigan usulda taqdim etilishi;
• reklama qilinayotgan xizmatlarga bevosita aloqador bo‘lmagan axborotga ega bo‘lmasligi kerak;
• ushbu moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish uchun shartnomalarning muhim shartlarini ochib berishi kerak.
Biroq ayrim hollarda reklamalarda bank omonat va kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari, muddati, minimal talablar, qo‘shimcha to‘lovlar, mikroqarz shartlari, vositachilik yoki sug‘urta to‘lovlari haqida muhim ma’lumotlar umuman keltirilmayapti yoki qisqa, noaniq shaklda berilmoqda.
Shuningdek, moliyaviy xizmatlar reklamacida ikki ma’noli ifodalar, oshirib ko‘rsatish yoki boshqa tashkilot nomidan kalit so‘z sifatida foydalanish orqali iste’molchi chalg‘itilmoqda. Bu esa, iste’molchilarning tovar (ish, xizmat) to‘g‘risida to‘g‘ri (to‘liq) va tushunarli ma’lumot olishga bo‘lgan huquqlari buzilishiga sabab bo‘lmoqda.
Raqobat qo‘mitasi ogohlantiradi!
Moliyaviy xizmatlarga oid reklamalarda ma’lumotlar:
• aniq va to‘liq bo‘lishi;
• o‘qilishi oson shaklda berilishi;
• fon bilan uyg‘un, o‘qilishi qiyin bo‘lgan mayda shriftlar yoki yashirin matn shaklida taqdim etilmasligini ta’minlash zarurligini eslatamiz.
shuningdek, reklamalarda noto‘g‘ri yoki chalg‘ituvchi axborotlarni joylashtirish holatlari aniqlangan taqdirda, tegishli tartibda moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishini ma’lum qilamiz.