Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-yanvar kuni 2024-yilda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
2023-yilda mamlakatimizda iqtisodiy o‘sish 6 foizni tashkil qildi. Jumladan, sanoat 6, xizmat ko‘rsatish 6,8, qurilish 6,4, qishloq xo‘jaligi 4,1 foiz o‘sgan.
Bu yil yalpi ichki mahsulot hajmini kamida 6 foizga ko‘paytirib, 100 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Yig‘ilishda shu boradagi vazifalar, zaruriy chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari buning uchun, avvalo, eng katta islohotchi bo‘lgan iqtisodiy kompleks xodimlari juda qattiq ishlashi kerakligini ta’kidladi.
Masalan, umumiy sanoat hajmi o‘sgani bilan, ishlab chiqarishda qo‘shilgan qiymat 40 foizdan oshmayapti. Bular asosan importga qaramlik, energiya iste’moli yuqoriligi va ortiqcha xarajatlar ko‘pligi sababli bo‘lmoqda.
Shu bois iqtisodiy kompleks rahbarlari va barcha davlat korxonalari uchun “2024-yil – tannarxni qisqartirish va samaradorlik yili” bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi. Xaridlar va logistikani maqbullashtirish, energiya resurslarini tejash va raqamlashtirish orqali qancha xarajatni kamaytirish mumkinligi tarmoqlar kesimida ko‘rsatib o‘tildi.
Joriy yilda yirik tarmoqlarda qo‘shilgan qiymatni 45 foizdan oshirish, tannarxni 15 foizga kamaytirish, jami sanoatda 7 foiz o‘sishni ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Shu bilan birga, iqtisodiy kompleksdagi rahbarlar faoliyatini oylik, choraklik va yillik samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) bilan bog‘lash, o‘rinbosarlar sonini ko‘rib chiqish taklifi ilgari surildi.
Yig‘ilishda moliyaviy intizom masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
O‘tgan yili ayrim davlat korxonalari tomonidan dividend va soliq to‘lovlari bo‘yicha budjetga 8 trillion so‘m tushum ta’minlanmagan. Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida soliq tushumlari 20 foiz o‘sgan bo‘lsa, Xorazm, Buxoro va Qashqadaryoda bu ko‘rsatkich 7 foizga ham yetmagan.
Bunday holatlar hududiy soliq bo‘limi boshliqlari va o‘rinbosarlari, mahalladagi soliqchilarning ishi sustligini ko‘rsatadi. Shu bois bu tizim qayta ko‘rib chiqilib, yangi yo‘nalishlar belgilandi.
Birinchi yo‘nalish – 40 mingta budjet tashkiloti bilan ishlash vazifasi tumanlardan Soliq qo‘mitasida yangi tashkil qilinadigan Tumanlararo budjet tashkilotlari inspeksiyasiga o‘tkaziladi. Ushbu inspeksiya to‘liq raqamlashgan bo‘ladi va G‘aznachilik elektron tizimiga integratsiya qilinadi.
Ikkinchi yo‘nalish – Qo‘mitada soliq qarzini undirish bo‘yicha ham tumanlararo inspeksiya tashkil etiladi. Unga Majburiy ijro byurosida mavjud vakolatlar beriladi. Buning hisobiga, tumanlardagi qo‘shimcha 200 nafar soliqchini mahallabay ishlashga o‘tkazish imkoni bo‘ladi.
Uchinchi yo‘nalish – respublika soliq tushumining 50 foizini beradigan 80 ta eng yirik korxona va 35 ta tijorat banki bilan ishlaydigan alohida tizim bo‘ladi. Buning uchun Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha inspeksiya tarkibida yangi tuzilma tashkil qilinib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan bevosita ishlaydi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga soliqlar tushumini o‘z vaqtida ta’minlash, korxonalar xarajati asossiz o‘sishining oldini olish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.
Bojxona sohasiga to‘xtalinar ekan, o‘tgan yili import bo‘lgan tovarlarga salkam 60 trillion so‘mlik imtiyoz qo‘llangani, lekin ularning samaradorligi bo‘yicha yetarli tahlil yo‘qligi qayd etildi. Shu bois imtiyoz bilan kirgan tovarlarni birma-bir o‘rganib chiqishga ko‘rsatma berildi.
Budjet tushumi uchun yana katta zaxiralar bu – xususiylashtirish va yerlarni auksion orqali sotishdir. Lekin xususiylashtirish dasturiga kiritilgan 484 ta davlat aktivi savdoga chiqarilmay turibdi.
Masalan, savdoga qo‘yilgan o‘nlab don korxonalari sotilmasdan turibdi. Negaki ularning bahosini belgilashda kamchiliklar bor.
Vazirlar Mahkamasiga bu boradagi qoloqliklarni bartaraf etib, joriy yilda 20 trillion so‘m tushumni ta’minlaydigan yangi xususiylashtirish dasturini tayyorlash topshirildi.
O‘tgan yili yerlarni auksion orqali sotishdan 1 trillion so‘m tushum bo‘lgan, 12 mingta yangi loyiha qo‘shilgan. Bunday imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida yil yakuniga qadar 70 ta, kelgusi yili barcha tumanlarning master rejalarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Bugungi kundagi eng dolzarb masala bu – yashirin iqtisodiyot. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdagi, xizmatlar, qurilish, sanoat sohalarida katta miqdordagi aylanma “soya”da qolmoqda.
Davlatimiz rahbari yashirin iqtisodiyot adolatli raqobatga, halol tadbirkorlar faoliyatiga to‘siq bo‘layotganini aytib, qo‘shimcha choralarni ko‘rsatib o‘tdi.
Hozirda yashirin iqtisodiyot va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan 14 ta idora tarqoq holda shug‘ullanmoqda. Bu ishlarni muvofiqlashtirish va kuchaytirish maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti vakolatlari kengaytiriladi. Bu departament eng zamonaviy vositalar va yetuk mutaxassislar bilan ta’minlanib, uning huzurida ilmiy-tahliliy va o‘quv markazi ochiladi. Shu bilan birga, Bosh prokuraturada ham yashirin iqtisodiyot bo‘yicha alohida boshqarma va uning hududiy bo‘limlari tashkil qilinadi.
Yig‘ilishda budjet xarajatlarining samaradorligi masalasi ham ko‘rib chiqildi.
O‘tgan yili budjetdan 1,2 trillion so‘mlik noqonuniy xarajat hamda 200 milliard so‘mlik kamomad va o‘g‘riliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi dasturlarga ajratilgan mablag‘lar to‘liq ishlatilmagan. Shuningdek, aslida ishlamaydigan xodim yoki bajarilmagan ish uchun haq yozish, asossiz ssuda yoki mukofot pullari olish kabi holatlar ko‘paygan.
Bu borada Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi faoliyati qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois mazkur inspeksiya Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga o‘tkazilishi belgilandi.
Bu yil budjetda ko‘zda tutilgan 313 trillion so‘mlik xarajatni to‘g‘ri sarflanishini nazorat qilish vazifasi qo‘yildi.
Inflyatsiyani kamaytirish masalasi ham dolzarb. Ko‘rilgan choralar natijasida o‘tgan yili inflyatsiya 9 foizdan oshmadi.
Mahsulotlar inflyatsiyasini oziq-ovqatni ko‘paytirish orqali jilovlash mumkinligi ta’kidlanib, bu bo‘yicha qishloq xo‘jaligi vaziri va hokimlarga ko‘rsatmalar berildi.
Umuman, joriy yilda ham inflyatsiyani 9 foizdan tushirish choralari muhokama qilindi.
Bank tizimi barqarorligini ta’minlash, iqtisodiyotga kreditlar yo‘naltirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Bozor mexanizmlari asosida kredit stavkalarini kamida 2-3 foizga tushirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda aholi bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu bo‘yicha yaqinda qabul qilingan dasturni samarali amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Bandlik tizimiga kiruvchi kasbga tayyorlash muassasalari hamda tashqi mehnat migratsiyasidagi ishlar talab darajasida emasligi qayd etildi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga bu kabi kamchiliklarni bartaraf etib, aholini kasbga o‘qitish va ish o‘rinlari yaratish yuzasidan qo‘shimcha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida iqtisodiy kompleks rahbarlari, vazirlar va hokimlar joriy yilgi rejalari bo‘yicha axborot berdi.