Kommunal, savdo va reklama sohalarida tushayotgan murojaatlar ijobiy yechim topmoqda
O‘rganishlar hududlar kesimida:
Namangan viloyati. Gaz hisoblagich nosozligi bartaraf etildi, asossiz qarzdorlik bekor qilindi
Hududiy boshqarma tomonidan Mingbuloq tumanida yashovchi fuqaro A.A.ning gaz bo‘yicha qilgan murojaati “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali Mingbuloq tuman bo‘limi bilan hamkorlikda o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlar natijasida gaz hisoblagichning aniqlangan texnik nosozligi bartaraf etildi hamda asossiz hisoblangan 712 000 so‘m qarzdorlik iste’molchi foydasiga hal tilishi ta’minlandi.
Buxoro viloyati. Tashqi reklama obyekti pasportisiz o‘rnatilgani uchun jarima qo‘llanildi
Hududiy boshqarma tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda “PROVANS BOG‘I” FX tomonidan o‘rnatilgan tashqi reklama obyekti (konstruksiyasi)da reklama joyining pasporti mavjud bo‘lmaganligi aniqlandi.
Ushbu tadbirkorlik subyektiga nisbatan Maxsus komissiya tomonidan moliyaviy jarima qo‘llanilib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Sirdaryo viloyati. Aholining boshqaruv servis kompaniyasi oldidagi 45 mln so‘mdan ziyod qarzdorligi bekor qilinishi ta’minlandi.
Hududiy boshqarmaga Boyovut tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro F.H. murojaat qilib, ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlardan noroziligini bildirgan.
O‘rganishlarda “Sohil” MFYda joylashgan 2-sonli xizmat ko‘rsatuvchi BSK tomonidan o‘z vaqtida va tegishli tartibda xizmat ko‘rsatilmaganligi aniqlanib,mazkur ko‘p qavatli uyda yashovchi aholining boshqaruv servis kompaniyasi oldidagi 45 mln so‘mdan ziyod qarzdorligi bekor qilinishi ta’minlandi.
Xorazm viloyati. Kafolat muddatidagi nosoz muzlatkich bepul ta’mirlandi
Shovot tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro O.N. kafolat muddati bilan 6 000 000 so‘mga xarid qilgan muzlatkichi nosoz chiqqani, ammo tadbirkorga qilgan murojaatiga qaramasdan muammosi hal etilmayotgani yuzasidan murojaatini qoldirgan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda ushbu tovar kafolat muddatida nosoz holatga kelib qolganligi o‘z tasdig‘ini topdi. Shundan so‘ng tadbirkorlik subyektiga sohaga oid qonun bo‘yicha tushuntirish berilishi natijasida fuqaroning muzlatkichi kafolat shartlariga asosan bepul ta’mirlab berilishi ta’minlandi.
Samarqand viloyati. Suv ta’minotidagi muammolarga yechim topildi
Hududiy boshqarma Urgut tumanida faoliyat yuritayotgan “A.M.A” MChJning murojaatini Samarqand hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi inspeksiyasi bilan hamkorlikda o‘rganib chiqdi. Murojaatda ichimlik va texnik suvga ulanish hamda oqova tarmog‘i bo‘yicha texnik shartda kamchiliklar aniqlandi. O‘rganish natijasida maxsus komissiya ko‘rsatmalariga asosan “Samarqand suv ta’minoti” AJ Urgut bo‘limi tadbirkorga suv tarmog‘iga ulanish uchun to‘g‘ri texnik shart berilishi ta’minlandi.