So‘nggi vaqtlarda yo‘lkira narxlarining asossiz oshirilishi, onlayn to‘lovlardagi noaniqliklar hamda yangi avtomobillarda aniqlangan texnik nosozliklar yuzasidan fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatlar Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqilmoqda.
Tegishli qonuniy asosda olib borilgan tahlillar va nazorat tadbirlari natijasida quyidagi holatlar yuzasidan ijobiy yechimlarga erishildi:
Andijon viloyati – Asaka-Qoratepa yo‘nalishida transport yo‘lkira narxi sun’iy ravishda oshirilganligi bo‘yicha murojaat asosida o‘rganishlar o‘tkazilib, holat bartaraf etildi.
Samarqand viloyati – Avtobus haydovchisining yo‘lovchiga nisbatan qo‘pol muomalasi va yo‘lkirani ikki marotaba to‘latishi holati aniqlanib, haydovchiga qat’iy ogohlantirish berildi.
Jizzax viloyati – “CHERRY Tiggo 7 Pro” avtomashinasida aniqlangan texnik nosozlik yuzasidan murojaat asosida, kafolat doirasida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Buxoro viloyati – Kogon shahridagi 105 va 114-yo‘nalishli taksilar tomonidan yo‘lkira haqi asossiz oshirilgani aniqlanib, mas’ul tashkilotga nisbatan ish ko‘rildi.
Qashqadaryo viloyati – Yandex taksi xizmati orqali fuqaroning plastik kartasidan asossiz mablag‘ yechib olinganligi aniqlanib, mablag‘ to‘liq qaytarildi.
Toshkent shahri – YandexGo xizmati orqali asossiz qarzdorlik hisoblangan va ortiqcha mablag‘ yechib olingan fuqaroga kompensatsiya qaytarilib, qarzdorlik bekor qilindi.
Eslatib o‘tamiz, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, har bir fuqaro haq-huquqlarini himoya qilishda faol ishtirok etishi mumkin.