Prezidentning «Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va O’zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo’yicha navbatdagi chora-tadbirlar to’g’risida»gi Farmoniga ko’ra, qonunchilik bilan taqdim etilgan quyidagi maxsus (eksklyuziv) huquqlar bekor qilindi:
2025-yil 1-yanvardan boshlab:
“O‘zmetkombinat” AJ: respublika hududida qora metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish) huquqi;
“O‘zikkilamchiranglimetall” AJ: respublika hududida rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash va eksport qilish huquqi;
“O‘ztreyd” AJ: konsignatsiya shartlarida oziq-ovqat uni va bug‘doyni, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari, dehqon va fermer xo‘jaliklari mahsulotlarini bank kafolatlari yoki siyosiy va tijorat xavflaridan eksport shartnomalarini sug‘urtalash polislarini taqdim etmasdan eksport qilinadigan mahsulotlarni savdo uylari manzillariga tushirish huquqi;
“O‘zkimyoimpeks” MChjning “O‘zkimyosanoat” AJ tashkilotlari: kimyoviy mahsulotlari eksporti hamda ularning ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar importini amalga oshirishdagi yagona agent huquqi;
2026-yil 1-iyuldan boshlab:
“UzGasTrade” AJ: tabiiy gazni yagona eksport qiluvchi va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qilish bo‘yicha yagona operator sifatidagi huquqi;
“O‘zenergosotish” AJ: elektr energiyasining eksporti va importini markazlashgan tartibda amalga oshirish huquqi.
Farmon qora va rangli metallarni qayta ishlash, kimyo sanoati, telekommunikatsiya va energetika kabi qator sohalarda yangi davrni boshlab beradi.
Shu bilan birga, tariflarni bir xil darajaga keltirish, notarif cheklovlardan voz kechish va turli preferensiyalarni bekor qilish rejalashtirilgan.