O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella 9-11-noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
Tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi.
Kun tartibidan O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
O‘zbekiston Prezidentining joriy yil iyun oyidagi Italiyaga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashiladi.
Sammit yakunida qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.
Shuningdek, Prezident Serjo Mattarella Samarqand va Xiva shaharlariga tashrif buyurib, O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosi bilan tanishadi.