O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida» 2025 yil 31 iyuldagi O‘RQ-1078-son Qonuni bilan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda muhim o‘zgartirishlar kiritildi.
Nimalar o‘zgardi?
Qonunga asosan, agar sotuvchi tovarni shartnomada belgilangan muddatda yetkazib bermasa, u har bir kechikkan vaqt birligi (daqiqa, soat, kun) uchun ushbu tovar narxining 0,5% miqdorida penya to‘lashi shart bo‘ladi.
Masalan:
Agar xarid qilingan tovar narxi 10 million so‘m bo‘lsa va yetkazib berish 5 kun kechiksa, sotuvchi har kuni uchun 50 000 so‘mdan, jami 250 000 so‘m penya to‘lashi kerak bo‘ladi.
Penyaning umumiy miqdori yetkazib berilmagan tovar narxining 100%idan oshmasligi kerak.
Eng muhimi – shartnomada penya miqdorini 0,5%dan kam belgilash mumkin emas. Bu me’yor iste’molchilar — jismoniy shaxslarning manfaatini himoya qilish maqsadida joriy qilindi.
Nega bu kerak?
So‘nggi yillarda tovarlarni kelishilgan vaqtda yetkazib berilmasligi bo‘yicha fuqarolarning shikoyatlari keskin oshdi:
2022 yilda – 500 ta murojaat;
2023 yilda – 1 373 ta;
2024 yilda – 4 213 ta (bu 3 yil ichida 8 barobar ko‘paygan).
Aksariyat shikoyatlar avtomobil, maishiy texnika va mebel kabi yuqori talabga ega tovarlarning kechiktirilgan holda yetkazib berilganligi bilan bog‘liq.
Qonunda Fuqarolik kodeksining 261-moddasiga asoslanib, neustoyka (penya) mexanizmidan foydalaniladi. Penya — qarzdor (bunda – sotuvchi) majburiyatni belgilangan vaqtda bajarmaganda to‘laydigan kompensatsiya shaklidagi to‘lov hisoblanadi.
Qonunning maqsadi:
Iste’molchilar huquqlarini aniq va samarali himoya qilish;
Sotuvchilarni o‘z majburiyatlariga jiddiy yondoshishga majburlash;
Oldi-sotdi shartnomalarda adolatli munosabatlarni ta’minlash;
Tovar yetkazib berishda kechikishlarni oldini olish.
Bu o‘zgarishlar aholining qonuniy manfaatlarini ta’minlashda, fuqarolarning ishonchini mustahkamlashda va bozorda adolatli raqobat muhitini yaratishda muhim qadam deb hisoblanadi.
Qonun bilan tanishish (https://lex.uz/ru/docs/7659506)