“COBALT” KECHIKKANI UCHUN TO‘LOV QAYTARILDI
Ba’zan katta mablag‘ evaziga keladigan avtomobillarning sifati va kechikishi bilan bog‘liq muammolar ham uchrab turadi. Xususan murojaatchi “Cobalt” rusumli avtomobil xarid qilish uchun “SAMI INTERPRISE OO” MCHJga buyurtma bergan, biroq belgilangan muddatda yetkazib berilmaganligidan norozi bo‘lib, avtoulov uchun to‘lov qilingan boshlang‘ich mablag‘larini qaytarib olish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasining “Ishonch telefoni”ga amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan mazkur fuqaroning murojaati o‘rganib chiqildi.
Laziza SHARIFOVA,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi yetakchi mutaxassisi:
— O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasiga ko‘ra, iste’molchi tovar (ish, xizmat)larni erkin tanlash va ularning sifatli bo‘lishini talab qilish huquqiga ega deyilgan.
O‘rganishlar davomida iste’molchi MCHJga “Cobalt” avtomobilini xarid qilish uchun 72 889 945 so‘mlik boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirgan bo‘lsa-da, shartnomada belgilangan muddatda avtomobil yetkazib berilmaganligi aniqlangan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, MCHJ “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasiga zid ish tutgan deb topilgan va korxona ma’muriyatiga mavjud tartib-qoidalarni buzish oqibatlari haqida tushuntirish berilgan. Hududiy boshqarma tomonidan “SAMI INTERPRISE OO” MCHJdan 72 889 945 so‘mlik avtomobil uchun qilingan boshlang‘ich to‘lov fuqaro foydasiga qaytarib berilishi ta’minlandi.
SIFATSIZ BENZIN SOTGANLAR JAVOBGARLIKKA TORTILDI
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi “O‘zenergoinspeksiya” Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bilan hamkorlikda aholini sifatli benzin mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida joylarda yoqilg‘i mahsulotlarining sifatini o‘rganish bo‘yicha nazorat tadbirlarini o‘tkazdi.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ish yurituvchi “RAFS” SIChK, “RUXSHONA HAMID” MCHJ, “SUVINSHOATGAZQURILISH” XK, “IMKON-XAMKOR” XK, “RUSLAN” FX, “TO‘RTKO‘LLI BUNYOD OIL” MCHJ hamda “GULNORA GAZ SERVIS” MCHJlarga qarashli AYOQSHlarda o‘rganishlar o‘tkazildi.
Ushbu yoqilg‘i quyish shoxobchalaridan benzin mahsulotlari xarid qilinib, belgilangan tartibda tegishli laboratoriyalarga taqdim etildi. Laboratoriya tahlillari 7 ta xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchaning benzin mahsulotlari sifatsizligi bo‘yicha o‘z xulosasini bergan.
Umida MANSUROVA,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Axborot xizmati mas’ul vakili:
— Mazkur xulosaga ko‘ra yoqilg‘i quyish shoxobchalaridan namuna olingan AI-92 benzinning tarkibidagi Oktanning normativ hujjat talabiga ko‘ra 92,0 bo‘lishi kerakligi, lekin tekshirish natijasida ushbu ko‘rsatkich shoxobchalardan olingan namuna yoqilg‘i mahsulotlarida 90 ga ham yetmaganligi, O‘zbekiston davlat standartlari 3031:2015 1-1-bandi talabiga javob bermasligi haqida xulosa qilingan.
Qo‘mita tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda AYOQSHlar tomonidan 2023-yil AI-92 markali sifatsiz jami 26 ming litrdan ziyod avtobenzin sotilganligi, buning natijasida iste’molchilarga jami 277 mln. so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi. O‘tkazilgan tekshirish natijalari bo‘yicha Qo‘mitaning maxsus komissiyasi tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining tegishli moddasi talabi buzilishi holatlari bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, ko‘rsatmalar berildi.
Pokiza Idrisxon tayyorladi