Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va ularni hal etish yuzasidan ko‘plab ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bugungi kunda ham ushbu boradagi ishlar tizimli ravishda amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, Toshkent viloyati Angren shahrida istiqomat qiluvchi fuqarolar M.G. “UZAUTO MOTORS” AJ xizmatidan norozilik bildirib Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga murojaat qilishgan.
Ushbu murojaatida fuqaro M.G “UZAUTO MOTORS” AJdan ikki taraflama tuzilgan shartnoma asosida “TRACKER-2” rusumli avtomashinani 2 marotaba xarid qilganligini va avtomobil 2 marta ham nuqsonlar bilan kelganligi sababli tuzilgan shartnoma bekor qilinib, to‘langan 138 016 160 mln so‘m pul mablag‘larini qaytarib olish bo‘yicha korxona ma’muriyatiga murojaat qilgan, ammo iste’molchi murojaati vaqtida qanoatlantirilmaganligi ma’lum bo‘lgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, “UZAUTO MOTORS” AJ “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasiga zid ravishda ish tutgan deb topilib, hududiy boshqarma tomonidan korxona ma’muriyatiga mavjud tartib-qoidalari va uning natijasida kelib chiqadigan huquqiy oqibatlari haqida tushuntirishlar berilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, iste’molchi foydasiga avtomashina uchun to‘lagan 138 016 160 mln so‘m pul mablag‘lari to‘liq to‘lab berilishi ta’minlandi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 19-moddasida Ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shartligi belgilab qo‘yilgan.