– Do‘konda ba’zida ishlab chiqarilgan sanasi ko‘rsatilmagan yoki yaroqlilik muddati berilmagan oziq-ovqat mahsulotlari sotilayotganiga duch kelamiz. Hatto bilmasdan uni sotib olib, almashtira olmagan vaqtlarimiz ham bo‘lgan. Bu holatda sotuvchilarga javobgarlik belgilanganmi?
MUTAXASSIS JAVOBI:
Jamol Qodirov,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bosh mutaxassisi.
– Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganligi uchun albatta javobgar bo‘ladi.
Ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) mansabdor shaxslari, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shart ekanligi qonunchilikda belgilangan tovarlarni ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan holda realizatsiya qilish va sotish uchun qabul qilganlik, yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni realizatsiya qilish va sotish uchun qabul qilganlik, iste’molchilarning huquqlari buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarni bajarishdan bo‘yin tovlaganlik, o‘z vaqtida yoki lozim darajada bajarmaganlik, shuningdek iste’molchilarga tovarlar (ishlar, xizmatlar) to‘g‘risida axborot taqdim etmaganlik yoki bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etganlik, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) majburiy sertifikatlashtirish qoidalarini buzganlik, normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan tovar (ish, xizmat) tufayli iste’molchilarga zarar yetkazganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganligi ishlab chiqaruvchilarni (ijrochilarni, sotuvchilarni) yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklarni bartaraf qilish majburiyatidan ozod etmaydi.
Tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz bo‘lishi haqidagi talablarga javob bermaydigan tovar (ish, xizmat)lar tufayli iste’molchilarga zarar yetkazilsa, tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsiz bo‘lishi va ularning sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladilar.
(O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 27-moddasi)