“XXI asr” gazetasining №37 sonida “Artel”jon aldovlaring tugar qachon?” sarlavhasi ostida 2024-yil 12-sentyabrda fuqaro N.E murojaat bildirilgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda xarid qilinib, 7-qavatga o‘rnatilgan konditsioner kafolat muddatida sifatsiz chiqqani, konditsioner ishlab chiqaruvchining texnik shartlari va tavsiyalarini buzgan holda o‘rnatilgani ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasida nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, o‘z xohishiga qarab quyidagilardan birini talab qilishga haqli:
tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish;
tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilish;
tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste’molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash;
xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish;
shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash.
O‘rganishlar natijasida “ARTEL SUPPORT” MCHJning servis markazi tomonidan ishni bajarish uchun maxsus ruxsatga ega bo‘lgan mutaxassis montajchilar jalb qilinib, yuqori qavatdagi konditsioner demontaj qilindi va qisqa fursatda ta’mirlab berilishi ta’minlandi.