Joriy yilning birinchi choragida Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bilan hamkorlikda iste’molchilar hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni aniqlash maqsadida keng ko‘lamli nazorat xaridlari amalga oshirildi.
Bu tadbirlar doirasida 205 turdagi mahsulotlar turli savdo nuqtalaridan xarid qilindi hamda ular belgilangan laboratoriyalarda ekspertizadan o‘tkazildi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, 30 nomdagi mahsulot turlari amaldagi normativ hujjatlarga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi. Ularning 33,3 foizi osh tuzi, 10 foizi kolbasa, 13,3 foizi sut va sut mahsulotlari hamda 43,4 foizi boshqa turdagi mahsulotlardir. Mazkur holatlar bo‘yicha qonuniy choralar ko‘rildi va tegishli tashkilotlarga ma’lumotlar yuborildi.
Hududlar kesimida aniqlangan asosiy qonunbuzilish holatlariga to‘xtalsak. Masalan, Toshkent viloyatidagi nazorat tadbiri davomida aniqlanishicha, “TRENDMEAT” MChJning “Hislat Kopchenoe Myaso
Yangilik” dudlangan go‘sht mahsulotida ishlab chiqarilgan sana ko‘rsatilmagan. Shu bois MChJga nisbatan ma’muriy chora qo‘llanilib, ko‘rsatma berildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “Aruxan” osh tuzining yod darajasi talabga javob bermasligi aniqlandi. 250 dona mahsulotga oid dalolatnoma rasmiylashtirilib, sotuvchiga ko‘rsatma berildi. Qashqadaryo viloyatidagi “Flash Up” energetik ichimligi, “Santal” suvi va tuzlangan bodring mahsulotlari xarid qilinib, sifati o‘rganish uchun laboratoriyaga yuborildi. Namangan viloyatida joylashgan “IMRON REVER GROUP” MChJning “Mo‘jiza” pishlog‘i va “Farangiz” oilaviy korxonasining “Chyorniy prins” qandolat mahsulotlari sifatsiz deb topildi. Qonun buzilishi bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Jizzax viloyati, Sh.Rashidov tumanida sotilayotgan “Okean” tuzi iste’molga yaroqsiz deb topildi va savdodan olib tashlandi. Farg‘ona viloyatidagi do‘konlarda mavjud “ALOHIDA” kolbasa va “DIRAN” tomat pastasi mahsulotlarida texnik reglamentlarga rioya qilinmagan. Mazkur holatlar bo‘yicha tegishli organlarga ma’lumot berildi. Surxondaryo viloyatida 15 turdagi mahsulot bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirda 11 turdagi mahsulotning yaroqlilik muddati o‘tib ketgani ma’lum bo‘ldi, shu sababli 4 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud orqali jarimalar qo‘llanildi.
Samarqand viloyatidagi “Platium Metal Industri” MChJ ishlab chiqargan armature sifatsiz deb topildi va 14 mln so‘mdan ortiq jarima qo‘llanildi.
Xorazm viloyati savdo do‘konlarida sotilayotgan “Flavis mojito strawberry”, “Pure Ginsenc energy” va “Objarennaya kilka v tomatnom souse” mahsulotlarida qadoqlash va tamg‘alash talablari buzilgan. Import qiluvchi tomon haqida ma’lumotlar yo‘qligi ham kuzatildi.
Navoiy va Buxoro viloyatlarida metal prokati, sement va turli ichimliklar sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi. Hozirda mazkur mahsulotlarning texnik hujjatlarga muvofiqligi bo‘yicha ekspertiza amalga oshirilmoqda.