O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-dekabrdagi 694-sonli qarori bilan Insofsiz raqobatni aniqlash metodikasi tasdiqlandi.
Metodikaga ko‘ra quyidagilar insofsiz raqobat belgilari hisoblanadi:
avval fuqarolik muomalasiga kiritilgan tovar, ish va xizmatlarning tashqi bezatilishi va shakli, nomi, tamg‘alanishi, etiketkasi, o‘rovi, ranglar uyg‘unligini takrorlash orqali raqobatchi xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan tovarni fuqarolik muomalasiga kiritish;
raqobatchi xo‘jalik yurituvchi subyektning individuallashtirish vositalariga, tovarni individuallashtirish vositalariga bo‘lgan mutloq huquqni olish orqali avval fuqarolik muomalasiga kiritilgan tovarning realizatsiya qilinishini cheklashga qaratilgan xatti-harakatlarni sodir etish;
raqobatchi xo‘jalik yurituvchi subyektning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi yoki uning ishchanlik obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan, sotuvga taklif qilinayotgan tovarning sifati va iste’mol xossalari;
tovarni tayyorlash hamda undan foydalanish usullari va sharoitlari, shuningdek tovardan foydalanishdan kutilayotgan natijalar;
tovarning muayyan maqsadlarga yaroqliligi haqida, tovarni sotuvga taklif etish shartlari, shu jumladan uning narxi to‘g‘risida yolg‘on, noaniq yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tarqatish.
“eng”, “eng yaxshi”, “birinchi”, “faqat”, “faqatgina” va boshqa orttiruvchi nisbatlardan foydalangan holda solishtirish;
raqobatchi xo‘jalik yurituvchi subyektning faoliyati yoki uning tovari sifati, narxi va boshqa xususiyatlariga salbiy baho berish orqali o‘zining faoliyati yoki tovari bilan solishtirish;
tovarning miqdori, bundan tovarning bozorda mavjudligi, ularni muayyan sharoitda sotib olish imkoniyati, shuningdek ushbu tovarga bo‘lgan talabning haqqoniy hajmi xususida iste’molchilarni chalg‘itish;
raqobatchi xo‘jalik yurituvchi subyekt bilan tuzilgan shartnoma asosida foydalanilayotgan tijorat siri yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni, shu jumladan fan-texnikaga, ishlab chiqarishga yoki savdoga oid axborotni shartnomani buzgan holda foydalanish va uni oshkor etish;
Xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan tijorat siri yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir, shu jumladan fan-texnika, ishlab chiqarish yoki savdoga oid axborot ko‘rsatilgan ma’lumotlardan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxs tomonidan egasining roziligisiz raqobatchi xo‘jalik yurituvchi subyektning manfaatini ko‘zlab ulardan foydalanish yoki oshkor qilish, agar ushbu ma’lumotlardan foydalanish yoki oshkor qilishning qonun yoki shartnomada belgilangan oshkor qilish muddati tugamagan bo‘lsa;
xo‘jalik yurituvchi subyektlar yoki ularning manfaatlarini ko‘zlab boshqa shaxslar tomonidan raqobatchi xo‘jalik yurituvchi subyektni bozorga kirishiga ma’muriy va boshqa to‘sqinliklar qilish, kabi yuqoridagi holatlar belgilandi.