2023 yilning 11 oyi davomida Qo‘mitaga insofsiz raqobat holatlari bo‘yicha 300 ga yaqin murojaat kelib tushgan.
Ushbu murojaatlar belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan ”Raqobat, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo‘zg‘atish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan ko‘rib chiqilgan.
Ushbu murojaatlar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar natijasida 100 ga yaqin tadbirkorlarning huquqlari himoya qilinishi taʼminlandi.
Murojaatlar bo‘yicha 86 ta ajrim chiqarilgan, jumladan:
– qonunbuzilish alomatlari bo‘yicha 62 ta ish qo‘zg‘atilgan va belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan.
– qonunbuzilish alomatlari mavjud bo‘lmaganligi sababli 24 ta ishni qo‘zg‘atish rad etilgan.
126 tasi bo‘yicha ularni belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun zarur maʼlumotlar va hujjatlar yetishmasligi sababli ariza egalariga qonunchilik talablari to‘g‘risida tushuntirishlar berilgan.
3 tasi apellyatsiya tartibida kelib tushgan, shundan 2 tasi ko‘rib chiqilgan va apellyatsiya talabi qanoatlantirilgan, 1 tasi ko‘rib chiqilmoqda.
3 tasi bo‘yicha hozirgi kunda o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda.
Qo‘zg‘atilgan 62 ta ishning:
42 tasida qonunbuzilishi holati eʼtirof etilgan va qonunbuzilish holatini bartaraf etish to‘g‘risida 40 ta ko‘rsatma berilgan.
13 ta ish qonunbuzilish holati o‘z isbotini topmaganligi sababli ish yurituvidan tugatilgan,
7 ta ishni ko‘rib chiqish qo‘shimcha maʼlumotlar olish zaruriyati tufayli kechiktirilgan yoki to‘xtatib turilgan.
Misol uchun: “IPLUS” MCHJ (provayder Comnet) va “FLINK” MCHJ (provayder Free Link) internet provayder sifatida bir tovar bozorida, yaʼni abonentlarni internet tarmog‘iga ulash va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritadi. “IPLUS” MCHJ Qo‘mitaga murojaat qilib, “FLINK” MCHJga nisbatan chora ko‘rishlikni, u “IPLUS” MCHJning ishchanlik obro‘siga putur yetkazib, abonentlar o‘rtasida asossiz maʼlumotlar tarqatganidan norozi bo‘lib shikoyat qilgan. Ishni ko‘rib chiqish jarayonida qilingan murojaat tasdiqlovchi materiallari bilan o‘z isbotini topdi. Murojaat o‘rganib chiqilib, “FLINK” MCHJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi.
Maxsus komissiya tomonidan “FLINK” MCHJni O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasi … raqobatchini obro‘sizlantirish, yaʼni raqobatchi xo‘jalik yurituvchi subyektning faoliyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi yoki uning ishchanlik obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan holatni sodir etgan deb topilgan va “FLINK” MCHJga qonunbuzilish holatini bartaraf etish hamda kelgusida bunday qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ko‘rsatma berildi. “FLINK” MCHJ unga berilgan ko‘rsatma talablarini ijrosini taʼminlab, kompaniya xodimlari bilan tushuntirish ishlari o‘tkazilganligi, tashviqot ishlari shartnoma talabiga zid bo‘lmagan holda amalga oshirilishi, tartibni buzgan xodimga nisbatan tegishli chora qo‘llanilganligi yuzasidan Qo‘mitaga maʼlumotlar taqdim etdi.
Shuningdek, Qo‘mita Maxsus komissiyasining 2023 yildagi tegishli qarorlariga ko‘ra “SUNRISE INTERNATIONAL TRADE” MCHJ va “DUBAI CARS” MCHJ o‘zlarining faoliyatida “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining tegishli moddalari talablarini buzgan deb topilgan va ularga ushbu qonunbuzilish holatini bartaraf qilish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan, lekin ushbu MCHJlar tomonidan bir necha bor Qo‘mita talablari bajarilmaganligi va bu boshqa bir tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini buzayotganligi sababli Raqobat qo‘mitasi tomonidan MCHJ rahbarlariga maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirish uchun ularni olib kelish yuzasidan IIVning Toshkent shahar va Sirdaryo viloyati boshqarmalariga murojaat kiritilgan.