«IMEI» KODLARINI RO‘YXATDAN O‘TKAZISH TARTIBI VA TADBIRKORLAR MAS’ULIYATI YUZASIDAN OGOHLANTIRISH
Raqobat qo‘mitasi tomonidan mobil qurilmalar «IMEI» kodlari tizimda ro‘yxatdan o‘tmagani va xariddan so‘ng qayta ro‘yxatdan o‘tkazish zarurati yuzaga kelayotgani bilan bog‘liq murojaatlar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar, jumladan tizim operatorlari jalb etilgan holda o‘rganish ishlari olib borildi.
📄 Mazkur masala bo‘yicha iste’molchilar tomonidan Raqobat qo‘mitasi va qo‘mitaning hududiy boshqarmalariga 2025-yil davomida 147 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, mazkur murojaatlarning 55 tasi ijobiy hal qilingan, 89 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan. Qolgan 3 tasi tegishliligi bo‘yicha vakolatli organlarga yuborilgan.
🔍 O‘rganish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining: • 6-moddasiga asosan, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart; • 11-moddasida ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati mobaynida tovar (xizmat)ning, shu jumladan, butlovchi buyumlarning normal ishlashini (qo‘llanilishini, ulardan foydalanilishini) ta’minlashi shart.
📌 Vazirlar Mahkamasining 778-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun tadbirkorlik subyektlari javobgar hisoblanadi. Nizomga ko‘ra, barcha «IMEI» kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi yoki sotuvchi zimmasiga yuklatiladi.
📃 Shuningdek, Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi Qonunga muvofiq, iste’molchi tovarni erkin tanlash va sifatini talab qilish huquqiga ega, sotuvchi esa qo‘shimcha xizmatlarni majburan yuklay olmaydi. «IMEI» kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati iste’molchiga emas, balki import qiluvchi yoki ishlab chiqaruvchiga yuklatiladi. Chakana savdoda esa ro‘yxatdan o‘tkazilgan qurilmani taqdim etish mas’uliyati sotuvchi zimmasida bo‘ladi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Qo‘mita quyidagilarni eslatib o‘tadi, respublikamiz hududida mobil qurilmalarni ishlab chiqaruvchi yoki import qilib sotuvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan «IMEI» kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish talablariga rioya etilmagan va iste’molchilar huquqlari buzilgan taqdirda, belgilangan tartibda ta’sir choralari qo‘llaniladi.








