“Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuning 26-moddasiga asosan, iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berish xo‘jalik yurituvchi subyektni qo‘shib olish yoki qo‘shib yuborish orqali qayta tashkil etishda hamda shaxs yoki shaxslar guruhi O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatga olingan aksiyadorlik jamiyati ovoz beruvchi aksiyalarining 25 foizidan ortig‘ini tasarruf etish yoxud mas’uliyati cheklangan jamiyatning yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarning uchdan bir qismidan ortig‘ini tasarruf etish huquqini olganda talab etiladi deb belgilab qo‘yilgan.
Yuqoridagi normaga muvofiq, mazkur bitimga monopoliyaga qarshi organ bilan oldindan kelishish (rozilik olish) talablari tatbiq etilmaydi, chunki, korxonalarning aksiyalari (ulushlari) sotib olinmagan va qo‘shib olish yoki qo‘shib yuborish holatlari sodir etilmagan.
Shu bilan birga, Raqobat qo‘mitasi tomonidan amaldagi qonun hujjatlariga aktivlarni sotib olishda monopoliyaga qarshi organining oldindan roziligini olish tartibini takomillashtirish bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan tegishli o‘rganishlar olib borayotganligi ma’lum qilinadi.