RAQOBAT QO‘MITASI BIOLOGIK FAOL QO‘SHIMCHALAR(BAD) REKLAMALARNING KENG TARQATILISHI YUZASIDAN OGOHLANTIRADI
So‘nggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda biologik faol qo‘shimchalar, malhamlar, surtmalar, balzamlar, damlamalar hamda mineral suvlarning turli kasalliklarni davolashi haqidagi reklamalar keng tarqatilmoqda.
Ayrim hollarda mazkur mahsulotlar diabet, insult, gastrit, yurak-qon tomir, jigar, buyrak, artrit, gipertoniya va boshqa kasalliklarni davolashda samarali vosita sifatida targ‘ib qilinib, iste’molchilarda ular dori vositasi ekanligi haqida noto‘g‘ri tasavvur shakllantirilmoqda.
‼️ Vaholanki, vakolatli organlar xulosasiga ko‘ra, biologik faol qo‘shimchalarning asosiy vazifasi organizmning foydali moddalarga bo‘lgan kundalik ehtiyojini qondirishdan iborat bo‘lib, ular dori vositasi hisoblanmaydi va kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallanmagan.
Shu bois, biologik faol qo‘shimchalarni davolovchi vosita sifatida talqin qilish hamda ularning shifobaxsh xususiyatlarini bo‘rttirib ko‘rsatish amaldagi qonunchilik talablariga zid hisoblanadi.
“Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 35-moddasiga muvofiq, biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasi:
➡️ ular dori vositasi yoki davolash xususiyatiga ega degan taassurotni uyg‘otmasligi;
➡️ odamlarning davolangani yoki ahvoli yaxshilangani haqidagi holatlarga havola qilmasligi;
➡️ fuqarolarning minnatdorlik bildirishlari yoki tavsiyalarini o‘z ichiga olmasligi;
➡️ sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;
➡️ tadqiqotlar yoki davlat ro‘yxatidan o‘tganligi haqidagi ma’lumotlar orqali mahsulotning dori vositalaridan ustunligi haqida tasavvur uyg‘otmasligi;
➡️ har bir holatda «Ushbu mahsulot dori vositasi emas» mazmunidagi ogohlantirish bilan berilishi shart.
Eslatib o‘tamiz, reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin.
Raqobat qo‘mitasi reklama beruvchilar va reklama tarqatuvchilarni qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga, iste’molchilarni chalg‘ituvchi yoki asossiz ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqiradi.








