Ijtimoiy tarmoqlarda “Kiyim-kechaklar savdo do‘konining reklama roligi odob-axloq normalariga zid shaklda berilgani” jamoatchilik tomonidan ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Raqobat qo‘mitasi tomonidan belgilangan tartibda dastlabki o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Tezkor aniqlik kiritish ishlarida mazkur reklama roligini “Penuar.guli” savdo do‘konini tomonidan tayyorlab ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilganligi aniqlandi.
Hozirda ushbu reklama roligini ko‘rib chiqish hamda uning mazmun-mohiyati bo‘yicha tegishli xulosa taqdim etilishi yuzasidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markaziga Qo‘mita tomonidan murojaat yuborildi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha taqdim etilgan ekspertlik xulosasiga asosan qonun buzilishi aniqlangan taqdirda belgilangan tartibda ta’sir chorasi ko‘rilishini ma’lum qilamiz.
Ma’lumot uchun. O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 16-moddasiga asosan reklamada milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, ibora va obrazlardan foydalanish taqiqlanadi.








