Ma’lumki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, isitish davri tashqi havoning o‘rtacha sutkalik harorati 8°Sdan past bo‘lgan 5 kunlik davr tamom bo‘lgan kundan keyingi kundan boshlanishi, 8°Sdan yuqori bo‘lganda esa tamomlanishi belgilangan.
Yetkazib beruvchi issiqlik energiyasini berishda isitish davrini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilangan muddatlarda boshlaydi va tamomlaydi.
Shuningdek, isitish bo‘yicha – belgilangan tartibga ko‘ra, xonalarni isitish bo‘yicha chora-tadbirlarni (derazalar, balkonlar va kirish eshiklarining dahlizlarini zichlashtirish, isitish tagsinchlarini izolyatsiyalash) bajarish sharti bilan isitish mavsumi davrida 1995-yilgacha qurilgan ko‘p qavatli turar joy xonalaridagi harorati kamida 20°S, agar ko‘p qavatli uylardagi issiqlik tizimi rekonstruksiya qilinmagan bo‘lsa – turar joy xonalaridagi harorat kamida 18°S bo‘lishi lozim.
Vazirlar Mahkamasining 194-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ko‘p kvartirali uylarda issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatish qoidalari”ning:
12 va 13-bandlariga asosan, iste’mol xossalari va issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatish rejimi belgilangan me’yorlarga muvofiq bo‘lishi kerak;
issiq suv ta’minoti bo‘yicha –suv olish joylarida issiq suvning harorati 50 — 75°S bo‘lishi kerak.
Isitish davri tashqi havoning o‘rtacha sutkalik harorati 8°Sdan past bo‘lgan 5 kunlik davr tamom bo‘lgan kundan keyingi kundan boshlanishi, 8°Sdan yuqori bo‘lganda esa tamomlanishi kerak. Isitish mavsumida xonalar harorati mazkur me’yorlardan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mazkur qoidaning 4-bandiga asosan, ko‘p kvartirali uylarda kommunal xizmatlar Iste’molchisining nomidan shartnoma Ijro etuvchi (xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati, boshqaruvchi tashkilot va boshqalar) tomonidan tuzilishi mumkinligi, bunda issiqlik ta’minoti korxonalari, iste’molchilar va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari yoki professional boshqaruv kompaniyalari o‘rtasida aholiga issiqlik energiyasi va issiq suvni yetkazib berish to‘g‘risida uch tomonlama shartnoma tuzadi.
9-bandda esa ijro etuvchi tomonidan isitish va issiq suv ta’minotining uy ichidagi tizimni foydalanish uchun texnik jihatdan yaroqli holatda saqlash sharti bilan Yetkazib beruvchi Iste’molchiga sifatiga ko‘ra standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlar talablari, sanitariya norma va qoidalariga hamda issiqlik ta’minoti shartnomasi shartlariga muvofiq bo‘lgan issiqlik ta’minoti bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishi shartligi belgilab berilgan.
48-bandiga asosan, issiqlik energiyasi berishning hisobini yuritish Yetkazib beruvchi bilan Ijro etuvchi yoki ko‘p qavatli uy mulkdorlari (bunday uy bevosita boshqarilgan taqdirda) o‘rtasidagi balans mansublilik chegarasida amalga oshiriladi va ko‘p qavatli uy bo‘yicha umumiy hisobga olish asbobining ko‘rsatkichlarini ko‘rish Yetkazib beruvchi va Ijro etuvchining vakillari bilan birgalikda amalga oshiriladi. Bunda, alohida e’tibor berilishiga molik masala, bu xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati, boshqaruvchi tashkilot va boshqalar tomonidan issiqlik tarmog‘ining balans mansubliligi chegarasida issiqlik energiyasi berish rejimi va sifati bo‘yicha haqiqiy ko‘rsatkichlarni qayd etib borish bo‘ladi.
UNUTMANG! O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasiga ko‘ra, Davlat iste’molchilarning tovar (ish, xizmat) sotib olishi va undan foydalanish chog‘idagi huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi.








