Oxirgi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Diqqat O‘zbekistonda ertadan ichimlik va oqova suv narxlari 2 barobar qimmatlaydi” degan mavzularda ko‘plab xabarlar tarqalmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ushbu xabarlar bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi.
Iste’molchilarga ichimlik va oqova suv yetkazib berish xizmatlari narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan xizmat turi hisoblanadi.
Shuni ta’kidlash lozimki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra ichimlik va oqova suvlarga yangi narxlarni joriy qilishni tegishli talablari mavjud. Jumladan:
Suv ta’minoti tashkilotlari ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish bo‘yicha xizmatlar uchun tariflarni qayta ko‘rib chiqish tashabbusi bilan hududiy raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va moliya organlariga murojaat qiladi.
Hududiy raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va moliya organlari suv ta’minoti tashkiloti takliflarini ko‘rib chiqib, 10 kunlik muddatda o‘z xulosalarini taqdim etadi.
Suv ta’minoti tashkilotlari tegishli xulosalarni ilova qilgan holda, tariflarni o‘zgartirishga doir takliflarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga kiritadi.
Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish bo‘yicha xizmatlar uchun o‘zgartirilgan tariflarni tasdiqlash to‘g‘risidagi masala Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Kengashlar tomonidan tasdiqlangan tariflar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinganidan keyin o‘n besh kun o‘tgach kuchga kiradi.
Yuqoridagi talablarga amal qilmasdan, ichimlik va oqova suvlarga yangi narxlar joriy qilingan taqdirda suv ta’minoti tashkilotlari tegishli javobgarlikka tortilishi ma’lum qilinadi.