Hududlarda aholi va tadbirkorlik vakillari bilan sayyor qabullar va uchrashuvlar o‘tkazilmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l va Ellikqa’la tumanlarida tadbirkorlar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Ularda tadbirkorlarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ular duch kelayotgan muammolarni joyida hal etish va amaliy yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi.
Buxoro viloyati, Shofirkon tumanida Qo‘mita ishchi guruh vakillari ishtirokida navbatdagi fuqarolar qabuli bo‘lib o‘tdi. Qabulda aholining gaz ta’minoti va sug‘urta masalalariga oid murojaatlari tinglandi hamda ularni joyida hal etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Jizzax viloyatida aholi va tadbirkorlar bilan keng qamrovli uchrashuvlar tashkil etildi. Yoshlik, Nurliobod, Ittifoq mahallalari hamda Arnasoy tumanidagi Yangibo‘ston va Zarafshon kabi olis hududlarda aholi va “mahalla yettiligi” a’zolari bilan muloqotlar o‘tkazildi. Shuningdek, “Otabek bo‘lka nonlari” va “Iskandar orzulari” MCHJ faoliyati o‘rganilib, tadbirkorlarning qiyinchiliklari muhokama qilindi. Ayrim mahallalarda suyultirilgan gaz ballonlari va maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida yetkazib berish bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar qayd etildi.
Barcha uchrashuvlar davomida raqobat va reklama qonunchiligi, shuningdek iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yuzasidan tushuntirishlar berildi. Shuningdek, joylarda tizimli o‘rganishlar olib borish vazifalari belgilab olindi.