O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ichki audit xizmatining 2025 yil 1 yarim yillik chorak faoliyati natijalari bo‘yicha
HISOBOTI
- Umumiy ma’lumotlar.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Ichki audit, korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘limi 3 ta shtat birligi (1 ta bo‘lim boshlig‘i va 2 ta bosh mutaxassis) dan iborat bo‘lib, ushbu lavozimlaridan 1 tasi ichki audit yo‘nalishida faoliyat yurituvchi (ichki audit bo‘yicha milliy malaka sertifikatiga ega) bosh mutaxassis hisoblanadi, qo‘mitada 17 ta tizim tashkilotlari mavjud.
- Ichki audit yillik rejasida tasdiqlangan ichki audit tadbirlarining hisobot davrida rejalashtirilgan qismining bajarilishi holati.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2022-yil 22 noyabrdagi 63 son buyrug‘i bilan tasdiqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022 yil 27 dekabrda 3406-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tgan) “Ichki audit tadbirlarini o‘tkazish Qo‘llanmasi”ga hamda Vazirlikning 2022 yil
3 oktyabrdagi 52-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Ichki audit milliy standartlari”ga asosan ichki audit ob’ektlarini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan baholash natijalariga ko‘ra, 2025-yilda o‘tkaziladigan ichki audit tadbirlari reja grafigi ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan o‘rnatilgan tartibda kelishilishi ta’minlangan.
Ushbu reja grafikka asosan 2025-yilning 1 choragida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va Buxoro viloyati hududiy boshqarmalarida ichki audit tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra joriy yilning fevral oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasida, may oyida Buxoro viloyati hududiy boshqarmasida, iyun oyida Samarqand viloyati hududiy boshqarmasida ichki audit tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur o‘tkazilgan Ichki audit nazorat tadbiri davomida asosan ichki audit ob’yektidagi buxgalteriya hisobining yuritilishi, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarning hisoblanishi va to‘lanishi, shuningdek xizmat safari xarajatlarining to‘g‘ri hisoblanishi yuzasidan jami 41 holatda 21,6 mln. so‘mlik moliyaviy xato kamchiliklar aniqlandi va 3 holatda 18,8 mln. so‘mlik noqonuniy xarajatlarning oldi olindi.
Hisobot davrida rejadan tashqari ichki audit tadbirlari o‘tkazilmadi. O‘tkazilgan masofaviy audit tadbirlari natijasida Navoiy viloyati hududiy boshqarmasida 1 holatda chet elga chiqib ketgan xodimga 0,2 mln. so‘m, Samarqand viloyati hududiy boshqarmasida 3 holatda 5,2 mln. so‘m, jami 5,5 mln. so‘m ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar hisoblanib, ortiqcha to‘lovlar amalga oshirilganligi aniqlandi va ushbu noqonuniy xarajatlar belgilangan tartibda ichki audit ob’yektlarining tegishli shaxsiy hisob raqamlariga undirildi. Ushbu aniqlangan moliyaviy xato kamchiliklarning yuzaga kelishining asosiy sababi ichki audit obyekti bosh hisobchisining buxgalteriya hisobining yuritilishi, mehnatga haq to‘lanishi hamda xizmat safari xarajatlarining to‘lanishi bo‘yicha amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni to‘liq o‘rganib chiqmaganligi, shuningdek oxirgi qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar bilan tanishmaganligi oqibatida yuqoridagi moliyaviy xato kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.
- Hisobot davrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan, lekin amalga oshirilmagan ichki audit tadbirlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
Hisobot davrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan, lekin amalga oshirilmagan ichki audit tadbirlari mavjud emas.
- Ichki audit ob’yektlari tomonidan chora-tadbirlar rejasining bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
2025 yil Ichki audit yillik rejasiga muvofiq, joriy yil 1 yarim yilligidagi ichki audit tadbirlari natijasida berilgan 20 ta taklif va tavsiyalarning bajarilishi yuzasidan ichki audit ob’yektlari tomonidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, shundan hisobot davrida 1 ta taklif va tavsiyalar bajarilmadi.
Ma’lumot uchun: Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi rivojlantirish jamg‘armasi shaxsiy hisob varag‘idagi (5 974,2 ming so‘m) mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 21 maydagi 325 son qarori ilovasi bilan tasdiqlangan “Byudjet tashkilotlarining xarajatlarini moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida” Nizom talablariga muvofiq sarflash yuzasidan berilgan taklif va tavsiyalarni, hududiy boshqarmada ichki audit tadbiri iyun oyining oxirida o‘tkazilganligi sababli ushbu taklif va tavsiya bajarilishini hisobot davrida amalga oshirish imkoni bo‘lmadi.
- Hisob palatasining “Masofaviy nazorat” AAT orqali kelib tushgan xavf tahlillari.
Hisobot davrida Hisob palatasining “Masofaviy nazorat” AAT orqali “Byudjet tashkilotlarida ishlovchilarning 4 va undan ortiq daromad manbaiga ega fuqarolar” yo‘nalishida 6 holatda 61,4 mln so‘mlik, “Byudjet tashkilotlarida nepotizm holatlari tahlili” yo‘nalishida 2 holatda xavflar kelib tushgan bo‘lib, mazkur xavflar yo‘nalishida o‘rganishlar o‘tkazilganda o‘z tasdig‘ini topmadi..
- Davlat organi va tashkiloti tizimidagi byudjet hisobidan moliyalashtirilmaydigan nobyudjet muassasa va tashkilotlarda moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat ishlariga oid hujjatlarning monitoringi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi “Raqamli transformasiya va autsorsing markazi” davlat unitar korxonasining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati “BUSINESS AUDIT TODAY” MCHJ tomonidan tashqi auditdan o‘tkazilmoqda.
- Ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash natijalari.
Hisobot davri yakuni bo‘yicha Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Ichki audit xizmati xodimlari faoliyatining samaradorligini baholash natijasi yuzasidan yig‘ma ko‘rsatkich
99 % ni (“a’lo”) tashkil etdi. Jumladan: Byudjet to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi holatlarining oldini olishdagi natijalari 30 %, masofaviy nazoratni amalga oshirishdagi natijalar 30%, ichki audit yillik rejasida xodim mas’ul bo‘lgan ichki audit tadbirlarining o‘tkazilishi 20%, byerilgan taklif va tavsiyalarning ijrosi 19 % ni tashkil etdi.