“Green Dizel” MChJ (IBR)ga sifatsiz benzin sotgani uchun moliyaviy jarima qo‘llanildi
Raqobat qo‘mitasiga “Green Dizel” MChJ(IBR)ga tegishli AYOQShdan AI-92 rusumli yoqilg‘i benzin quydirgan, natijada avtotransporti ta’mirtalab holatga kelgan fuqaro O.Sh. tomonidan yetkazilgan moddiy zararni undirilishida amaliy yordam so‘ralgan murojaat kelib tushdi.
Qo‘mita tomonidan holatga aniqlik kiritish maqsadida “O‘zenergoinspeksiya” bilan hamkorlikda murojaat o‘rganib chiqildi.
Xususan, mazkur MChJdan AI-92 markali benzindan namuna sotib olinib, laboratoriya tahlilidan o‘tkazilganda mazkur mahsulotning sifatsiz ekanligi, jumladan, oktan soni 90,4 ekanligi, benzin aniqlangan 1-son qatordagi parametr bo‘yicha O‘zDst 3031-2015 davlat standarti talablariga mos kelmasligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, Qo‘mitaning sa’y-harakati bilan fuqaro O. Sh.ga yetkazilgan moddiy zarar “Green Dizel” MChJ tomonidan qoplab berilishi ta’minlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yib, sifatsiz benzin sotgan ushbu AYOQShga nisbatan “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan moliyaviy jarima qo‘llanilgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasida iste’molchining hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni bo‘lgan tovar (ish, xizmat), shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning g‘ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, ma’naviy zararning to‘liq hajmda qoplanishi belgilab berilgan.
Mazkur qonunning 7-moddasi ko‘ra, agar tovar (ish, xizmat) haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilganligi zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar (ish, xizmat) sotib olinishiga sabab bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilishga va o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir.