“Gorilla” energetik ichimligi reklamasini keng targ‘ib qilgan “AION BEVERAGES” MCHJga nisbatan reklama qonunchiligi buzilishi yuzasidan tegishli ta’sir choralari ko‘rildi
Raqobat qo‘mitasi fuqaro murojaati asosida olib borgan o‘rganishlari natijasida “AION BEVERAGES” MCHJga qarashli avtotransport vositalarida reklama qonunchiligi buzilgan holatlar aniqlandi.
Xususan, Toshkent shahri, Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro tomonidan yo‘llangan murojaatda tegishli avtotransport vositasida “Gorilla” energetik ichimligi reklamasi keng targ‘ib qilinishi haqida e’tiroz bildirilgan.
Olib borilgan tekshiruvlarda “AION BEVERAGES” MCHJga tegishli 106 ta avtotransport vositasida “Gorilla” energetik ichimligi reklamasi joylashtirilgani oqibatida “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun buzilishi aniqlandi. Qonunning 37-moddasi talablariga ko‘ra tashqi reklama va axborot obyektlari orqali energetik ichimliklarni reklama qilish taqiqlanishi belgilangan.
Yuqoridagi holat yuzasidan Hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “AION BEVERAGES” MCHJga nisbatan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli moddalari talablari buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha “AION BEVERAGES” MCHJ tomonidan barcha 106 ta avtotransport vositasidagi reklama to‘liq bartaraf etilishi ta’minlandi.