Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-avgust kuni foydali qazilmalar zaxirasi va ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirishga oid taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizda geologiya sohasiga katta e’tibor qaratilib, zamonaviy texnologiyalar joriy qilingani natijasida yerosti boyliklarini aniqlash ko‘lami kengaydi. Ularni qazib olish va qayta ishlash loyihalariga xorijiy investitsiyalar kirib kelmoqda.
Xususan, so‘nggi olti yilda kaolinni qayta ishlash bo‘yicha 148 million dollarlik 15 ta yangi loyihalar ishga tushgan. Natijada tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmi qariyb 2 barobar ko‘payib, eksport 65 million dollarga yetgan. Shu davrda ko‘mir qazib chiqarish hajmi 1,4 barobar oshib, 5,4 million tonnaga yetgan.
Taqdimotda shu sohadagi, jumladan, ko‘mir, kaolin va uran hajmini oshirishga qaratilgan rejalar haqida axborot berildi.
Qayd etilganidek, bu yil 6,7 million tonna ko‘mir qazib olish reja qilingan.
Kaolin bo‘yicha qiymati 620 million dollarlik 33 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Undan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hisobiga joriy yilda eksportni 81 million dollarga, 2030 yilga borib 180 million dollarga yetkazish mo‘ljallangan.
Shuningdek, uran zaxirasini o‘stirish bo‘yicha xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda geologiya-qidiruv ishlari davom ettiriladi.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga bu yo‘nalishlarda natijadorlikni yanada oshirish imkoniyatlarini ko‘rsatib o‘tdi. Mavjud xomashyo bazasi, noyob texnologiyalar va kadrlar salohiyatidan unumli foydalanib, mahsulotlar hajmini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.
Surxondaryodagi toshko‘mir bo‘yicha 5 ta istiqbolli maydonni xususiy sektorga berib, geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish, Angrenda qazib olinadigan ko‘mir sifatini yaxshilash va saralash texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Yangi kaolin konlarini topish va oq kaolin zaxirasini 200 million tonnaga yetkazish, uni qayta ishlash loyihalarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.
Gidrotermal va qora slanetsli uran konlarini o‘zlashtirishga xorijiy investorlar jalb qilinishi belgilandi.