Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Farg‘ona viloyati, Furqat tumanida istiqomat qiluvchi fuqarodan “DIYOR EXPORT CO” MCHJ xizmatidan noroziligini bildirib qilgan murojaati o‘rganib chiqildi.
Mazkur murojaatida iste’molchi quyosh panelini yashash xonadoniga o‘rnatish maqsadida “DIYOR EXPORT CO” MCHJ bilan shartnoma imzolaganligini, shartnoma shartlari bo‘yicha fuqaro jamiyatga to‘lanishi kerak bo‘lgan pul mablag‘larini o‘z vaqtida to‘lov qilganligini, biroq, jamiyat tomonidan shartnomada ko‘rsatilgan quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha belgilangan majburiyatlari bugungi kunga qadar bajarmay kelayotganligidan noroziligini bildirib, to‘lov qilingan pul mablag‘larini qaytarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasining “Ishonch telefoni” orqali amaliy yordam so‘rab murojaat qoldirgan.
O‘rganishlar davomida iste’molchi xonadoniga quyosh paneli o‘rnatish bo‘yicha “DIYOR EXPORT CO” MCHJ bilan tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq belgilangan muddat o‘tsada, korxona tomonidan yetkazib berilmagan. Fuqaro ushbu holatdan norozi bo‘lib, quyosh paneli uchun amalga oshirgan pul mablaglarini qaytarib olish haqidagi murojaati ham yetkazib beruvchi tashkilot tomonidan qanoatlantirilmaganligi aniqlangan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, hududiy boshqarma tomonidan “DIYOR EXPORT CO” MCHJ “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasiga zid ravishda ish tutgan deb topilib, korxona ma’muriyatiga mavjud tartib-qoidalari va uning natijasida kelib chiqadigan huquqiy oqibatlari haqida tushuntirishlar berilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, fuqaro xonadoniga 6 kvt/soatli quyosh paneli o‘rnatib berilishi ta’minlandi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunni 19-moddasiga muvofiq ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart.