O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste‘molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasiga fuqaro tomonidan murojaat kelib tushgan.
2023-yilning noyabr oyida, fuqaro B.S. tomonidan tadbirkorga qarashli avtosalonidan kafolat muddati bilan 289 900 000 so‘mga sotib olingan “CHERY ARRIZO 6 PRO”-rusumli avtomashina nosoz holatda ekanligi sababli, avtosalondan to‘lagan pullarini qaytarib olish yoki nosoz mahsulotning yangisiga almashtirib berish talabini qo‘ygan, biroq natija bo‘lmaganligidan norozi bo‘lib, ushbu masala yuzasidan amaliy yordam berilishini so‘rab murojaat qilgan.
Ushbu murojaatda qayd qilingan holatlarga oydinlik va aniqlik kiritish maqsadida, hududiy boshqarma tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, haqiqatda ham tadbirkordan sotib olingan avtomobil nosoz holatda ekanligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasi, 1-qismida, iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, o‘z xohishiga qarab:
tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish;
tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob- kitob qilish;
tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste’molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash;
xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish;
shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplashni talab qilish huquqiga egaligi belgilab qo‘yilgan.
Hududiy boshqarma xodimlari tomonidan olib borilgan sa‘y-harakatlar natijasida, fuqaroning xohishiga ko‘ra, avtosalon fuqaroga nosoz avtomobilni yangisiga almashtirib berilishi ta’minlandi.