Mamlakatimizda elektron tijorat va masofadan turib (onlayn) mahsulot xarid qilish xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Ammo ba’zi elektron savdo do‘konlaridan ZoodMall, Asaxiy, Alif shop, Idea, Uzum Market, Korzink,uz, Openshop,uz, Sello, Sandiqshop va boshqa elektron tijorat bozori ishtirokchilari tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar talab darajasida emasligi haqida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalariga ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Raqobat qo‘mitasi fuqarolarning murojaatlarini hisobga olgan holda ish-reja asosida elektron tijorat va masofadan turib (onlayn) mahsulot sotuvchi veb-saytlarni hamda ommaviy oferta shartlarini tahlil qilish maqsadida quyidagi mavjud elektron tijorat tashkilotlarining ommaviy ofertalarini o‘rganib chiqdi.
12 ta holatda – Zood mall oferta shartnomasi (22 ta band, 328 ta kichik bandlardan iborat);
32 ta holatda – Olcha,uz oferta shartnomasi (14 ta band,127 ta kichik bandlardan iborat);
27 ta holatda – Uzum market oferta shartnomasi. (13 ta band, 96 ta kichik bandlardan iborat);
3 ta holatda – Elmakon,uz oferta shartnomasi (10 ta band, 74 ta kichik bandlardan iborat).
O‘rganishlarda elektron savdolarda nuqsonli tovarni almashtirish yoki pulini qaytarib bermaslik, iste’molchiga to‘liq, yetarli va ishonchli ma’lumotlar taqdim etmaslik va yetkazib berish muddatlarini buzilishi kabi qonunbuzilish holatlari mavjudligi aniqlandi. Qo‘mita tomonidan mazkur elektron savdo do‘konlariga kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan xat yuborildi va bugungi kunda ommaviy ofertalar qonunchilik talablariga moslashtirilishi ta’minlandi.
Bundan tashqari, Openshop,uz (Openshop MChJ), Orzon,uz (“Massa Impex” MChJ), Glotr,uz (“Web media group” MChJ), Uzum tezkor (“Uzum tezkor” MChJ XK) hamda Dari,uz (“Podari shop” MChJ) elektron tijorat bilan shug‘ullanuvchi jamiyatlarning saytlarida ham o‘rganish ishlari olib borilib, bunda ba’zi bir holatlarda saytlaridagi ma’lumotlar, ayrim holatlarda esa ommaviy ofertalar davlat tilida yuritilmasligi aniqlandi. Mazkur holat bo‘yicha jamiyatlarga tegishli ogohlantirish xatlari yuborildi va tegishli ma’lumotlar Qonun talablariga muvofiqlashtirildi.
Xususan, Qo‘mita va Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda internet tarmog‘idagi “https://service-eco,uz/” veb-resursi o‘rganib chiqilganda milliy qonunchilik talablariga nomuvofiqlik holatlari aniqlangan. Mazkur veb-saytning identifikatsiya ma’lumotlari Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-sentyabrdagi “Butunjahon Internet tarmog‘ida axborot xavfsizligini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 707-son qaroriga asosan taqiqlangan axborot mavjud bo‘lgan Internet tarmog‘i axborot resurslari reyestriga kiritildi hamda undan mamlakat hududida foydalanish cheklandi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan bu kabi o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida. elektron tijorat sohasida joriy yilning o‘tgan vaqti davomida Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalariga 1048 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, savdo sohasi bo‘yicha kelib tushgan murojaatlarning 15,3 foizini tashkil etadi.
O‘rganishlarda 858 nafar iste’molchi foydasiga 100 mln so‘mga yaqin miqdoridagi mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan bo‘lsa, 9,3 mln so‘mlik mahsulotlarning almashtirib berilishi ta’minlangan.