Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga tadbirkorlik subyektlaridan ko‘plab murojaatlar kelib tushadi.Murojaatlarning aksariyati o‘tkaziladigan davlat xaridlariga asosan tanlov (tender) savdolari bilan bog‘liqdir. O‘zbekiston Respublikasining Davlat xaridlari to‘g‘risidagi Qonunning 4-moddasida davlat buyurtmachisining kasbiy mahorati, asoslanganlik, moliyaviy mablag‘lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi, ochiqlik va shaffoflik, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplari ko‘rsatib o‘tilgan. Аfsuski, ayrim hollarda bu prinsiplarga rioya etilmasligi natijasida noroziliklar vujudga kelmoqda.
Jumladan, Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “DEDEMAN” MChJ rahbarining murojaatiga asosan, “Buxorosuvqurilishinvest” DK tomonidan tender.mc.uz orqali eʼlon qilingan elektron tender tizimida boshlang‘ich narxi 4 026 328 403,0so‘m bo‘lgan “Buxorotumani «To‘dakoʼl» hududidagi yerlarni o‘zlashtirish maqsadida 5 km kanal, 5 km kollektor qurish va 1 dona nasos agregati o‘rnatishishlarini bajarish uchun 16004-lot orqali eʼlonga berilgan tender savdolari o‘rganildi.
Hududiy boshqarma tomonidan mazkur murojaat bo‘yicha o‘rganish olib borilganda ushbu lot bo‘yicha eʼlonga berilgan tender savdosi bo‘yicha xarid komissiyasining muhokamasi 17-dekabr 2021-yilda yakunlanganligi, tender savdosida “DEDEMAN” MChJ, “MELIORATSIYA IRIGATSIYA BARAKA SERVIS» MChJva «ZIYO SANAT» MChJlar qatnashganligi va natijada “DEDEMAN” MChJ tender savdosi g‘olibi deb eʼtirof etilganligi aniqlandi.
Biroq, buyurtmachi tomonidan g‘olib deb eʼtirof etilgan “DEDEMAN” MChJ bilan shartnoma tuzishdan bosh tortilganligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasida davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomillarining g‘olib deb topilgan ishtirokchilari bilan shartnomalar tuzishi, shuningdek, ularning ijro etilishini taʼminlashi, 44-moddasida Davlat buyurtmachisi davlat xaridi bekor qilinganligi uchun javobgar bo‘lmasligi, bundan bekor qilish davlat buyurtmachisining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) oqibati bo‘lgan hollar mustasno ekanligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-fevraldagi 55-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 9-bobida buyurtmachi tanlov g‘olibi aniqlangan paytdan boshlab g‘olib tashkilotga ikki ish kuni ichida tanlov yakunlariga ko‘ra aksept yuborishi, aksept yuborilgan vaqtdan boshlab tanlov tugallangan hisoblanishi, aksept tanlov bekor qilinmagan hamda tanlov tartib-taomillari buzilmagan taqdirda yuborilishi mumkinligi, buyurtmachi g‘olib bo‘lgan tanlov taklifi akseptiga qadar istalgan vaqtda tanlovni bekor qilish huquqiga ega ekanligi, tanlov bekor qilingan taqdirda, buyurtmachi portalda mazkur qarorning asoslangan sabablarini eʼlon qilishi, tanlov natijalari bo‘yicha shartnoma tanlov hujjatlarida va shartnoma tuzilayotgan oferent tomonidan berilgan tanlov taklifida ko‘rsatilgan shartlar asosida tanlov g‘olibi eʼlon qilingan paytdan boshlab o‘n kun muddatdan kechikmay tuzilishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasida savdolar o‘tkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibini buzish, savdolar ishtirokchilarini asossiz ravishda chetlashtirish, savdolarning tashkilotchilari va (yoki) buyurtmachilari tomonidan savdolar ishtirokchilarining faoliyatini muvofiqlashtirish, savdolarning bitta yoki bir nechta ishtirokchisiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitla ryaratib berish taqiqlanishi belgilangan.
O‘rganishlar natijasida ushbu tanlov g‘olibi tomonidan taqdim etilgan tanlov predmeti qiymatining 20 foizi miqdoridagi aylanma mablag‘i bilan taʼminlanganligi to‘g‘risidagi bank maʼlumotnomasi 01.01.2021-yil holatida emas, balki 01.10.2021-yil holatiga ekanligi, obyektda qurilish-montaj ishlarini bajarish grafigi bilan ishlarni moliyalashtirish grafigi bir-biriga muvofiq emasligi vajlari bilan mazkur tanlov natijalari buyurtmachi tomonidan asossiz rad qilinishi, hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-fevraldagi 55-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomda ko‘rsatilgan talablarning buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi alomatlari yuzasidan Boshqarma tomonidan ish qo‘zg‘atilib, maxsus komissiyaning qonunbuzilishini to‘xtatish, bartaraf etish va kelgusida bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmasi berildi.
Shu bilan birga, Buxoro tumanlararo maʼmuriy sudining 2022-yil 8-apreldagi halqiluv qaroriga asosan “Buxorosuvqurilishinvest” DKning Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi ko‘rsatmasi ustidan qilgan shikoyat arizasini qanoatlantirish rad etilgan.
Bugungi kunda “Buxorosuvqurilishinvest” DKning mansabdor shaxsiga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzilib, hujjatlar maʼmuriy javobgarlikka tortish uchun sudga yuborildi.