2022-yil 1-aprel holatiga Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi markaziy apparatiga xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib olish va qoʻshib yuborish hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi (kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olish boʻyicha bitimlarga oldindan rozilik berish boʻyicha jami 28 ta murojaatlar kelib tushdi. Shundan, 6 ta murojaat xoʻjalik yuirtuvchi subyektlarni qoʻshib yuborish va qoʻshib olishga rozilik olish toʻgʻrisida boʻlsa, 22 tasi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi aksiyalarni (ulushlarni) olishga oldindan rozilik olish bilan bogʻliq murojaatlar.
Joriy yilning yanvar-mart oylari davomida kelib tushgan barcha murojaatlar chuqur tahlil qilinib, Qoʻmita tomonidan jami 1 562 mlrd. soʻmlik bitimlarga oldindan rozilik berildi, shundan 42 foizi, yaʼni 661 mlrd. soʻmlik bitimlar xorijiy investorlar hissasiga toʻgʻri keladi.
Xorijiy investorlar tomonidan asosan moliya bozori, toʻqimachilik, elektrotexnika, qurilish, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va shu kabi sohalarga toʻgʻridan-toʻgʻri mablagʻlar va zamonaviy texnologiyalar koʻrinishida investitsiyalar kiritilishi koʻzda tutilgan.
Misol tariqasida olib koʻradigan boʻlsak, hisobot davrida quyidagi bir nechta yirik bitimlarni tuzishga monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi berildi:
👉 “ТЕЛЕКОМИНВЕСТ” OOO (Rossiya) va “FINANCE TCI” MCHJ XK shaxslar guruhi sifatida “KAPITALBANK” ATBning ustav fondidan 61,54 foiz ulush olishiga;
👉“ASIA ALLIANCE GROUP” MCHJ va “GOR INVESTMENT LIMITED” kompaniyasi shaxslar guruhi sifatida “ASIA ALLIANCE BANK” ATBning ustav fondidan 77,2 foiz ulush olishiga;
👉“EASTEX SYSTEMS PTE. LTD” kompaniyasi (Singapur) tomonidan “UZTEX GROUP” MCHJ QKning ustav fondidan 83 foiz ulush olishiga;
👉 “АКВАЛАЙФ РЕСУРС” АЖ (Rossiya) tomonidan “AQUA PRODUCTS” MCHJ QKning ustav fondidan 83 foiz ulush olishiga rozilik berilgan.