Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi fuqarodan “SAMI INTERPRISE OO” MCHJ xizmatidan noroziligini bildirib qilgan murojaati o‘rganib chiqildi.
Mazkur murojaatida fuqaro “Cobalt” rusumli avtomobil xarid qilish uchun “SAMI INTERPRISE OO” MCHJga buyurtma bergan, biroq belgilangan muddatda yetkazib berilmaganligidan norozi bo‘lib avtoulov uchun qilingan boshlang‘ich to‘lov mablag‘larini qaytarib olish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasining “Ishonch telefoni” orqali amaliy yordam so‘rab murojaat qoldirgan.
Shuni ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunni 4-moddasida iste’molchilarning huquqlari ko‘rsatib o‘tilgan. Unga ko‘ra, iste’molchi tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo‘lishi huquqiga ega ekanligi belgilab berilgan.
O‘rganishlar davomida iste’molchi “SAMI INTERPRISE OO” MCHJga “Cobalt” rusumli avtomobil xarid qilish uchun shartnoma shartlariga muvofiq 72 889 945 so‘mlik boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirgan bo‘lsada, shartnomda belgilangan muddatda avtomobil yetkazib berilmaganligi aniqlangan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, hududiy boshqarma tomonidan “SAMI INTERPRISE OO” MCHJ “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasiga zid ravishda ish tutgan deb topilib korxona ma’muriyatiga mavjud tartib-qoidalari va ularni buzish natijasida kelib chiqadigan huquqiy oqibatlari haqida tushuntirishlar berilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida “SAMI INTERPRISE OO” MCHJdan 72 889 945 so‘mlik avtomobil uchun qilingan boshlang‘ich to‘lov fuqaro foydasiga qaytarib berilishi ta’minlandi.